28.03.2024, Payshanba

“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi to'g'risida

“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o'z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg'ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir.

So'nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g'oyalari va loyihalarini ro'yobga chiqarishga, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta'minlashga to'sqinlik qilayotgan tizimli muammolar hanuzgacha saqlanib qolmoqda.

Xususan, yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishga faol jalb qilish bo'yicha joylarda maqsadli dasturlar amalga oshirilmayapti hamda zarur infratuzilma yaratilmagan, bu esa yangi ish o'rinlari yaratishning eng muhim sharti hisoblanadi.

Joylarda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoshlarning tadbirkorlik savodxonligini oshirishga, ularga biznes tashkil etish va yuritish ko'nikmalarini singdirishga hali ham befarq va beparvo munosabatda bo'lmoqda.

Yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, yoshlarni biznes bilan shug'ullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish o'rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq:

1. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish va qo'llab-quvvatlash, band bo'lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko'nikmalariga o'qitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta'minlashga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida amalga oshirish boshlanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

2. 2018 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi (keyingi o'rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) amalga oshirilsin.

Davlat dasturi doirasida quyidagilar amalga oshirilishi belgilansin:

a) O'zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasini (keyingi o'rinlarda – Jamg'arma), shuningdek, uning tuman va shahar filiallarini tashkil etish, Jamg'armaning mablag'laridan Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish, jumladan, quyidagilarni amalga oshirish uchun foydalanish:

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;

Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo'yicha kredit hajmining 50 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda kafilliklar berish;

Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg'arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;

tegishli ko'nikmalarga ega band bo'lmagan yoshlar yashaydigan uy xo'jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko'maklashish;

b) yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga o'qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko'nikmalarini singdirish;

v) davlat-xususiy sheriklik shartlarida:

yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi
va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan ta'minlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha ko'mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko'rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlarini;

savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod bo'lgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish.

3. “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shartlarida amalga oshirilishi belgilab qo'yilsin:

a) tuman (shahar)lar hokimliklari:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini, shuningdek, boshqa ob’ektlarni qurish (joylashtirish) uchun xususiy investorlarga, istisno tariqasida, to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar orqali er uchastka (bo'sh bino)larni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi;

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini muhandislik kommunikatsiyalariga, jumladan, elektr, gaz va suv ta'minoti tarmoqlariga olib borishni va ulashni tuman (shahar)lar byudjetlarining qo'shimcha manbalari hisobidan ta'minlaydi;

b) Jamg'arma “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining 30 foizigacha bo'lgan qismini moliyalashtirishda mazkur mablag'larni ularning ustav jamg'armasi (kapitali)ga keyinchalik kapitallashtirgan holda ishtirok etishga haqli;

v) xususiy investorlar quyidagi majburiyatlarni o'z zimmasiga oladi:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining kamida 70 foizini moliyalashtirish, ularning kelishilgan muddatlarda va namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va foydalanishga topshirilishini ta'minlashni;

Davlat dasturi ishtirokchisi bo'lgan yosh tadbirkorlarga “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarida joy berish, ularga maqbul narxlarda xizmatlar ko'rsatish, shuningdek, ularda ish o'rinlari umumiy sonining kamida 70 foizi miqdorida band bo'lmagan yoshlarni ishga qabul qilish sharti bilan mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni;

Jamg'armaning tuman va shahar filiallarini joylashtirish uchun
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlaridagi xonalarni bepul taqdim etishni;

g) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini saqlab turish xususiy investorlarning mablag'i hisobidan amalga oshiriladi;

d) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurishga yo'naltiriladigan mablag'lar xususiy investorlarning soliq solinadigan bazasidan chegirib tashlanadi.

Belgilansinki, Davlat dasturining amal qilishi yoshlar tadbirkorligi sub’ektlariga, 50 foiz va undan ko'proq muassislari yoshlardan iborat bo'lgan tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, yaratiladigan ish o'rinlarining 70 foizidan kam bo'lmagan qismini 5 yil davomida yoshlarni ish bilan ta'minlash uchun taqdim etish majburiyatini o'z zimmasiga oladigan tadbirkorlik sub’ektlariga, jumladan, xorijiy investorlarga tatbiq etiladi.

4. Quyidagilar 2018 yilda Jamg'arma mablag'larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

daromadlarning prognoz qilingan qismini oshirib bajarish hisobiga respublika byudjetidan 2018 yil iyulda, 1 oktyabrgacha va 1 dekabrgacha teng ulushlarda ajratiladigan 500 milliard so'm miqdoridagi beg'araz moliyaviy yordam;

har chorakda Jamg'armaga o'tkaziladigan, vazirlik, davlat qo'mitalari va idoralarning byudjetdan tashqari jamg'armalariga tushadigan yillik tushumlarning 1 foizi miqdoridagi ajratmalar;

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi PF-5106-son Farmoni 13-bandiga muvofiq O'zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg'armasiga har oyda tushadigan mablag'larning 10 foizi;

mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

xayriya qiluvchilar – jismoniy va yuridik shaxslar, O'zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag'lari;

Jamg'armaning vaqtincha bo'sh mablag'larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Belgilab qo'yilsinki:

Jamg'armaga ijro etuvchi direktor – O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o'rinbosari rahbarlik qiladi;

Jamg'armaning tuman va shahar filiallariga Jamg'armaning ijro etuvchi direktori tomonidan tayinlanadigan tegishli tumanlar va shaharlarning muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlari rahbarlik qiladi;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslarning respublika va hududiy organlari, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklari xodimlarining 30 foizgacha bo'lgan qismi asosiy ish joyi bo'yicha lavozimi va ish haqi saqlab qolingan holda Jamg'armaga, uning tuman va shahar filiallariga biriktiriladi.

8. Quyidagilar:

O'zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasining tuzilmasi hamda Jamg'arma tuman va shahar filiallarining namunaviy tuzilmasi 1- va 2-ilovalarga muvofiq;

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Tumanlar va shaharlarda yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha hokimlar o'rinbosari boshchiligida hamda yoshlar masalalari bo'yicha ichki ishlar boshqarmalari (bo'limlari) boshliqlari o'rinbosarlari, O'zbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shaharlar kengashlari raislari, shuningdek, Tadbirkorlikka ko'maklashish markazi bo'linmalari rahbarlaridan iborat yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish komissiyalari(keyingi o'rinlarda Komissiyalar deb yuritiladi) tuzilsin.

Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishni xohlaydigan band bo'lmagan aholini aniqlash, tumanlarni (shaharlarni) aniqlash hamda ularning yoshlar pasportlarini shakllantirish maqsadida uyma-uy yurish va aholi bilan uchrashuvlar tashkil etish;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlarini jalb qilgan holda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oya va loyihalarini ishlab chiqishda, zarur hujjatlar va materiallarni tayyorlashda hamda rasmiylashtirishda ko'maklashish;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirishda ko'maklashish uchun talabnomalarini, shuningdek, Davlat dasturi doirasidagi boshqa murojaatlarini “bir darcha” tamoyili bo'yicha ko'rib chiqilishini ta'minlash;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlarini jalb qilgan holda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirish monitoringini o'tkazish, kelib chiqqan muammolarni hal qilish;

tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish masalalari bo'yicha yoshlar orasida keng tushuntirish ishlarini olib borish.

10. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida respublikaning tuman va shaharlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni 2018 yilda moliyalashtirish parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo'yilsinki, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida respublikaning tuman va shaharlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni keyingi yillarda moliyalashtirish parametrlari Jamg'arma mablag'larini shakllantirishning aniq manbalarini ko'rsatgan holda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

11. Davlat dasturi doirasida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini moliyalashtirishning quyidagi mexanizmlari o'rnatilsin:

Jamg'arma Davlat dasturi doirasida taqdim etiladigan imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berishni moliyalashtirish uchun yillik 5 foiz stavka bo'yicha tijorat banklariga moliyaviy resurslar ajratadi;

imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish 5 yil muddatga
12 oygacha imtiyozli davr bilan beriladi;

imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipak yo'li” AITB, Xalq banki AT va “Hamkor bank” ATB orqali amalga oshiriladi;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalari O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan moliyalashtiruvchi tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan namunaviy biznes-rejalari asosida moliyalashtiriladi;

qiymati 2 milliard so'mdan yuqori bo'lgan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini moliyalashtirish ularning biznes rejalari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgandan so'ng amalga oshiriladi;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini realizatsiya qilish uchun imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish talabnomalarini birlamchi ko'rib chiqish va saralash komissiya tomonidan amalga oshiriladi;

komissiya tomonidan har bir xonadonlarni uyma-uy yurish, mavjud infratuzilmani inventarizatsiya qilish, yoshlar shug'ullanish istagini bildirgan mehnat faoliyati turini tahlil qilish, shuningdek, imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish talabnomalarini saralash natijalari bo'yicha tasdiqlanadigan parametrlar doirasida tegishli tumanlar va shaharlarda namunaviy biznes rejalar asosida realizatsiya qilinadigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarining manzilli ro'yxati shakllantiriladi;

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish respublika komissiyasi taqdim etilishiga qarab, lekin 2018 yil 1 avgustdan va keyingi yillarda 25 dekabrdan kechikmasdan Davlat dasturi doirasida tegishli tumanlar va shaharlarda realizatsiya qilinadigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari hamda loyihalarining manzilli ro'yxatini tasdiqlaydi. Tasdiqlangan manzilli ro'yxatga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi;

Tasdiqlangan manzilli ro'yxat imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berishni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga hamda Jamg'armaga taqdim etiladi;

Moliyalashtiruvchi tijorat banklari taqdim etilgan manzilli ro'yxat asosida imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizing asosida taqdim etish haqida o'rnatilgan tartibda qaror qabul qiladi. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirish maqsadida imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish talabnomalarini tijorat banklari tomonidan ko'rib chiqish muddati 3 ish kunidan oshmasligi lozim;

komissiyalar investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlari bilan birgalikda moliyaviy mablag'lardan aniq maqsadda va o'z vaqtida foydalanilayotganligi bo'yicha har oyda monitoring o'tkazadi, monitoring davomida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun to'sqinlik qilayotgan muammolarni hal etadi.

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi moliyalashtiruvchi tijorat banklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan holda Jamg'arma mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarining namunaviy biznes rejalarining ishlab chiqilishini ta'minlasin.

12. Komissiyalar, Jamg'armaning tuman va shahar filiallari va moliyalashtiruvchi tijorat banklariga:

ajratiladigan, shu jumladan, maqsadga nomuvofiq foydalanilayotgan moliyaviy mablag'larni o'z vaqtida va to'liq qaytarish bo'yicha choralar ko'rish;

Davlat dasturi ishtirokchisi ajratilgan moliyaviy mablag'larni hamda etkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplashdan bo'yin tovlagan hollarda ularni majburiy undirish maqsadida sudga murojaat qilish majburiyati yuklansin.

13. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni tasdiqlovchi hukumat qarorini qabul qilsin:

O'zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasi faoliyatini tashkil etish, shuningdek, Jamg'arma mablag'larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to'g'risidagi nizomlar;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etish, jumladan, ajratiladigan kreditlarning cheklangan limitlarini aniqlash mexanizmi, shuningdek, Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo'yicha kafilliklar berish tartibi;

yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblar va mutaxassisliklarga professional o'qitish yuzasidan qisqa muddatli kurslar sonini tubdan oshirish va ularning sifatini yuksaltirish bo'yicha chora-tadbirlar kompleksi.

14. O'zbekiston yoshlar ittifoqiga O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Davlat dasturi doirasida ob’ektlarni qurish bo'yicha haq to'lanadigan ishlarga band bo'lmagan yoshlarni, jumladan, O'zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar mehnat otryadlarini ixtiyoriy asosda keng jalb qilish choralarini ko'rish tavsiya etilsin.

15. Quyidagilar:

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga – Davlat dasturini amalga oshirish bo'yicha davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati muvofiqlashtirilishi uchun;

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga – Jamg'arma mablag'lari o'z vaqtida va to'liq shakllantirilishi uchun;

O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga – hududiy o'ziga xosliklarni hisobga olgan holda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari loyihalariga qo'yiladigan namunaviy talablarning ishlab chiqilishi uchun;

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasiga – O'zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik muassasalariga biriktirilgan hududlarga Davlat dasturi doirasidagi tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish uchun, jumladan, respublikaning tegishli tuman (shahar)lariga tashriflarni tashkil etgan holda, xorijiy investorlarning, shuningdek, Jamg'arma mablag'larini shakllantirish uchun xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar texnik ko'mak mablag'lari va grantlarining jalb etilishi uchun;

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga – Jamg'arma mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalari va loyihalarining namunaviy biznes rejalari o'z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, shuningdek, ularning komissiyaga taqdim etilishi uchun;

O'zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, “O'zbekenergo” AJ, “O'ztransgaz” AJ, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklariga – “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslariga muhandislik kommunikatsiyalari, jumladan, elektr, gaz va suv ta'minoti tarmoqlari olib kelinishi hamda ulanishi uchun;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklariga – “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari, “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish uchun er uchastkalari o'z vaqtida ajratilishi, shuningdek, Jamg'arma faoliyatini tashkil etishda ko'maklashish uchun mas’uliyat yuklansin.

16. O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Bosh prokuratura bilan birgalikda Jamg'arma mablag'larining o'z vaqtida shakllantirilishi va maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o'rnatsin.

17. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda Davlat dasturi amalga oshirilishining jarayoni keng yoritilishini tashkil etsin.

18. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi – O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining raisi Q.K.Quronboev, O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o'rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.



O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,
2018 yil 27 iyun