29.03.2024, Juma

Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to'g'risida


Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Umume’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq oliy ma'lumotli yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni tashkil etish, mamlakatning maktabgacha ta'lim muassasalarida ko'p yillar davomida etishmay kelayotgan pedagog va tarbiyachilar o'rnini to'ldirish, innovatsion muhitni shakllantirish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning etakchi oliy ta'lim muassasalari bilan uzoq muddatli munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi va Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) Toshkent shahrida Puchon universitetini (keyingi o'rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etish to'g'risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, Puchon universiteti (Koreya Respublikasi):

o'quv binolari, o'quv-laboratoriya bazasi, talabalar turar joylari va Universitetning boshqa inshootlarini mebel, inventar, o'quv va ilmiy jihozlar, tashkiliy texnika va kompyuterlar bilan jihozlashni o'z mablag'lari hisobidan amalga oshiradi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta'minlaydi;

Universitetning kutubxona fondini shakllantirishga va uni zamonaviy o'quv, o'quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to'ldirishga (shu jumladan, Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) resurslar bazasidan foydalanish imkoniyatini yaratgan holda), zamonaviy axborot-resurs markazi tashkil etilishiga ko'maklashadi;

yosh istiqbolli mahalliy ilmiy-pedagog kadrlarning, shu jumladan, chet elda malaka oshirishiga ko'maklashadi.

3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga, shuningdek, 2017 – 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq maktabgacha ta'lim, arxitektura va dizayn sohasida, shuningdek, talab yuqori bo'lgan ta'limning boshqa yo'nalishlarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

maktabgacha ta'lim, arxitektura va dizayn tizimiga, shuningdek, talab yuqori bo'lgan ta'limning boshqa yo'nalishlariga zamonaviy ta'lim texnologiyalari asosida o'quv-tarbiya jarayonini tashkil etish bo'yicha ilg'or xorijiy tajribani joriy etish, ochiq axborot-ta'lim muhitini rivojlantirishga ko'maklashish;

mavjud muammolar va mehnat bozorining ehtiyojlarini inobatga olgan holda maktabgacha ta'lim, arxitektura va dizayn sohasida, shuningdek, talab yuqori bo'lgan ta'limning boshqa yo'nalishlarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

respublikada maktabgacha ta'lim, arxitektura va dizayn tizimini, shuningdek, talab yuqori bo'lgan ta'limning boshqa yo'nalishlarini rivojlantirishga, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, boshqa korxonalar va tashkilotlar o'rtasida mustahkam o'zaro hamkorlikni o'rnatishga ko'maklashish.

4. Belgilansinki:

Universitet oliy ta'lim muassasasi – yuridik shaxs shaklidagi O'zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, o'z majburiyatlari bo'yicha tasarrufidagi pul mablag'lari va mol-mulk bilan javob beradi;

Universitet ta'lim faoliyatini O'zbekiston Respublikasining ta'lim sohasidagi qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) o'quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi;

Universitetda kadrlar, birinchi navbatda, maktabgacha ta'lim muassasalarining pedagog kadrlarga, shuningdek, arxitektura va dizayn sohasida hamda talab yuqori bo'lgan ta'limning boshqa yo'nalishlarida malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarni hisobga olgan holda tayyorlanadi;

Universitetda ta'lim olish o'zbek, rus va ingliz tillarida, kunduzgi, sirtqi va kechki shakllarda, to'lov-kontrakt asosida, shu jumladan, potentsial ish beruvchilar – yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ta'lim grantlari bo'yicha, shuningdek, asosan mamlakat mintaqalari yoshlarining ta'lim olishi uchun ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobiga amalga oshiriladi;

Universitetga qabul 2018/2019 o'quv yilidan boshlab maktabgacha ta'lim, koreys tili, shuningdek, arxitektura va dizayn yo'nalishlari bo'yicha umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotga ega shaxslar o'rtasida kirish imtihonlari o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Kirish imtihonlarini o'tkazish shakli, tartibi va muddati O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadi;

Universitet bitiruvchilariga qo'shimcha yuridik tartib-taomillarsiz O'zbekiston Respublikasida oliy ma'lumot to'g'risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

Universitetni moliyalashtirish talabalarni to'lov-kontrakt asosida o'qitishdan tushadigan mablag'lar, xo'jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko'rsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

5. Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish bo'yicha Tashkiliy komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Quyidagilar Tashkiliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Universitetni tashkil etish bo'yicha faoliyatni operativ boshqarish, uning to'laqonli faoliyatini yo'lga qo'yish bilan bog'liq tashkiliy, moliyaviy, yuridik, iqtisodiy, o'quv-metodik, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etish;

Universitetni tashkil etish masalalari bo'yicha Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) rahbariyati bilan muzokaralar olib borish va o'zaro hamkorlik qilish;

zarur loyiha, qurilish-montaj va ta'mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, Universitetni jihozlash, infratuzilmasini yaratish, moddiy-texnik ta'minlash jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Universitetni tashkil etish bo'yicha tasdiqlangan jadvallarda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat va monitoring olib borish.

6. Belgilansinki, Universitet faoliyatining jamoatchilik boshqaruvi oliy organi – 2-ilovaga muvofiq tarkibdagi uning Vasiylik kengashi hisoblanadi. 

Quyidagilar bo'yicha ko'maklashish Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ta'lim jarayonini, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, bakalavr va magistrlar tayyorlash sifatini tizimli oshirish, Universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish, mehnat bozorining yanada rivojlanishini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yo'nalishlarini belgilash;

ta'lim jarayoniga o'qitishning ilg'or shakllari va usullarini, pedagogik, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish va moliyalashtirish, samarali fundamental (amaliy) ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish, o'quv, ilmiy va ilmiy-metodik materiallarni e’lon qilish, Universitetda o'quv va ilmiy jarayonlarni oqilona integratsiyalash;

Universitetning moddiy-texnik, o'quv-metodik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy o'quv-laboratoriya uskunalari va o'quv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash, Universitetning ijtimoiy va maishiy infratuzilmasini yaxshilash;

Universitetning ta'lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mamlakatlardan malakali va tajribali pedagoglar hamda mutaxassislarni jalb etish, pedagog kadrlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va ularning malaka oshirishdan o'tishlarini tashkil etish;

Universitet faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlash uchun homiylik xayriyalari, texnik ko'mak mablag'larini (grantlarni) va boshqa byudjetdan tashqari mablag'larni jalb etish;

talabalarni, eng avvalo, etim bolalardan va ota-ona vasiyligisiz qolgan bolalardan iborat talabalarni ijtimoiy himoya qilishni ta'minlash, iqtidorli talabalarni o'qitish uchun stipendiyalar ajratish, talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va ularning yashash joylarida bo'sh vaqtlarini foydali tashkil etish, shuningdek, talabalarning dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;

ijtimoiy-iqtisodiy sohaning yuqori malakali mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2018/2019 o'quv yilida va keyingi yillarda Universitetga qabul qilish kvotalarini va o'qish uchun kontrakt summasini belgilash;

maxsus stipendiyalar berish orqali Puchon universitetiga (Koreya Respublikasi) va xorijning sohaviy boshqa etakchi ta'lim muassasalariga tajriba orttirishga yuborish uchun eng istiqbolli talabalarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish;

Universitetning professor-o'qituvchilar tarkibi va doktorantlari uchun xalqaro tajriba almashishni tashkil etish.

7. Universitetning Vasiylik kengashi Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda:

a) bir oy muddatda:

Universitet Ustavini tasdiqlasin, shuningdek, uning davlat ro'yxatidan o'tkazilishini ta'minlasin;

Universitetning tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlasin;

b) 2018/2019 o'quv yili boshlanguniga qadar Universitetni O'zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko'rsatuvchi oliy ta'lim muassasalarida foydalaniladigan zarur o'quv-metodik komplekslar bilan ta'minlasin.

8. Universitetga:

2019/2020 o'quv yilidan boshlab kadrlarga bo'lgan ehtiyoj va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlaridan kelib chiqib, Puchon universiteti (Koreya Respublikasi), O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda o'qishning yangi istiqbolli yo'nalishlari va mutaxassisliklarini ochishga;

Universitetga o'qituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va o'qituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo'yicha, tuziladigan shartnomalar asosida haq to'lashga ruxsat berilsin.

9. Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Qatortol ko'chasi, 2-berk ko'cha,
38a-uy manzilida joylashgan Chilonzor pedagogika kollejining bino
va inshootlari operativ boshqarish huquqi bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga berilsin, keyinchalik bepul foydalanish uchun Universitetga o'tkazilsin.

Chilonzor pedagogika kollejining o'quvchilari o'qishni tamomlagunlariga qadar Universitetga berilgan binolarda o'qishni davom ettirishlari belgilab qo'yilsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi belgilangan tartibda:

O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida 2018 yil uchun nazarda tutilgan kapital qo'yilmalarning tejalgan yoki o'zlashtirilmagan limitlarini ushbu qarorning 9-bandida ko'rsatilgan bino va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga hamda ularni rekonstruktsiya qilishga yo'naltirish orqali qayta taqsimlanishini;

ushbu qarorning 9-bandida ko'rsatilgan binolar va inshootlarning 2019 yil va undan keyingi yillar uchun mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturining qurilish, rekonstruktsiya qilish va mukammal ta'mirlash ob’ektlariga kiritilishini ta'minlasin.

11. 2021 yilning 1 iyuligacha:

Universitet – barcha turdagi soliqlarni to'lashdan va maqsadli davlat jamg'armalariga majburiy ajratmalardan;

Universitetning jalb etiladigan xorijlik xodimlari – yagona ijtimoiy to'lovni va jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqni to'lashdan;

Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) – O'zbekiston Respublikasidagi faoliyatidan ham doimiy muassasa orqali, ham to'lov manbaidan olingan daromadlar bo'yicha foyda solig'ini to'lashdan;

Universitetni jihozlash va faoliyatini ta'minlash maqsadida o'rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro'yxat bo'yicha olib kelinadigan uskunalar, kompyuter texnikasi va tashkiliy texnikalar, o'qitishning texnik vositalari, adabiyot, multimedia mahsuloti, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari bojxona to'lovlaridan (bojxona yig'imlaridan tashqari) ozod etilsin.

12. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o'qituvchilar va ma'muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a'zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig'imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta'minlasin.

13. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan Universitet xorijiy professor-o'qituvchilari va ma'muriy xodimlariga hamda ularning oila a'zolariga davlat bojlari to'lashdan ozod etgan holda ko'p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro'yxatdan o'tkazilishi hamda vaqtinchalik ro'yxatdan o'tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta'minlasin.

14. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan malakali xorijiy (O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan) mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ko'rsatib o'tilgan fuqarolarning O'zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta'minlasin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduxakimov, O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri A.V.Shin hamda O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri I.U.Majidov zimmasiga yuklansin.



O'zbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                                         Sh.MIRZIYOEV 


Toshkent shahri, 
2018 yil 2 iyul