28.03.2024, Piyshembi

Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida

Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i 

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlari hisoblanadi.

O'tgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, sudyalarni tanlash va joy-joyiga qo'yish tartibini takomillashtirish, har bir ish bo'yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta'minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi, sud hokimiyatining yagona oliy organi – O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, ma'muriy sudlar tashkil etildi, shuningdek, sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi. 

Barcha toifadagi sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko'rib chiqish amaliyotining kengaytirilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yo'lga qo'yish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yo'lida ko'rilgan muhim chora bo'ldi.

Shu bilan birga, sud hokimiyati organlari faoliyatining tahlili ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga to'sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko'rsatdi.

Xususan, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayapti hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelmoqda.

Sudyalarni moddiy ta'minlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obro'siga, sudyalar mustaqilligi printsiplariga muvofiq emasligi kasbiy o'sishni yanada rag'batlantirishga to'sqinlik qilib, kadrlar qo'nimsizligiga olib kelmoqda.

Odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va O'zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining quyidagilar orqali sud organlari faoliyatining shaffofligini yanada ta'minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish to'g'risidagi takliflari qabul qilinsin:

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish;

qabul qilingan sud hujjati o'qib eshittirilganidan so'ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishini sud amaliyotiga joriy etish;

sudlar faoliyati to'g'risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o'rinbosarlari tomonidan brifinglar o'tkazish;

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan sud ishlarini nazorat tartibida, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko'rib chiqish amaliyoti obzorlarini har chorakda e’lon qilish.

2. O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga ko'maklashuvchi komissiyalar tuzish to'g'risidagi taklifi qabul qilinsin.

3. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Moliya vazirligining:

sudlarga murojaat etishda davlat bojlarini to'lash bo'yicha amaldagi imtiyozlar va davlat bojlari stavkalarini qayta ko'rib chiqish;

Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg'armasiga jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar, ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko'rib chiqiladigan ishlar bo'yicha davlat bojlari va jarimalar to'lashdan O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushayotgan summalarning, shuningdek, ijro hujjatlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undirilgan summalarning, qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini undirish bundan mustasno, 40 foizi miqdorida ajratmalar belgilash to'g'risidagi takliflari ma'qullansin.

4. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, quyi sudlar sudyalari va xodimlari hamda Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlarining Yagona tarif setkasi bo'yicha mehnatga haq to'lash razryadlari 1–5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilab qo'yilsinki, 2018 yil 1 avgustdan boshlab:

Yagona tarif setkasi bo'yicha mehnatga haq to'lashning tasdiqlangan razryadlariga ko'ra sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsientlari bir yarim baravar miqdorda qo'llaniladi;

malaka darajasi va mansab darajasiga ega bo'lgan sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlariga qonun hujjatlarida belgilangan rag'batlantiruvchi qo'shimcha haq va ustamalarni hisoblashda lavozim maoshi tarkibiga kiritiladigan 50 foiz miqdorida ustama to'lanadi;

sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlarining ko'p yillik xizmatlari uchun, lavozim maoshlariga (mehnatni rag'batlantirish koeffitsienti) ustamalar hamda malaka darajasi va mansab darajasi uchun qo'shimcha haq miqdorlari adliya organlari xodimlari uchun belgilangan miqdorlarga tenglashtiriladi.

Ushbu bandning amal qilishi davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozimlarga belgilangan tartibda, shu jumladan, ushbu Farmon kuchga kirgunga qadar saylangan yoki O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tayinlangan, shuningdek, sudyalik malaka darajalariga ega sudyalarga ushbu davlat organlari va tashkilotlarida nazarda tutilgan barcha ustamalar va qo'shimcha haqlarni saqlab qolgan holda tatbiq etiladi.

Ushbu bandning beshinchi xatboshisida ko'rsatilgan sudyalarning davlat organlari va tashkilotlarida ishlagan vaqti ularning ushbu organ va tashkilotlardagi mehnat faoliyati boshlangan paytdan boshlab sudyalik stajiga kiritiladi.

6. Ushbu Farmonning 5-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlar:

sudlar, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlari uchun – Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan;

sudyalar orasidan saylangan yoki tayinlangan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari va xodimlari uchun – O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

7. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga Oliy sud va O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamentining yuqori malakali, tashabbuskor, xizmat majburiyatlarini halol va samarali bajarayotgan sudyalari va xodimlariga Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan qo'shimcha ravishda oylik mehnatga haq to'lash fondining 100 foizigacha miqdorda ustama (pul ta'minoti) to'lash huquqi berilsin.

8. Belgilab qo'yilsinki, maxsus unvon va darajalar mavjud bo'lishi nazarda tutilgan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlardan tayinlangan (saylangan) sudyalarga malaka darajalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda 6-ilovaga muvofiq sudyalar malaka darajalarining boshqa organlar unvonlari va darajalariga nisbatini hisobga olgan holda, lekin egallab turilgan lavozim uchun nazarda tutilganidan yuqori bo'lmagan holda beriladi.

9. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi ikki oy muddatda:

a) Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga sudyalar hayoti va sog'lig'ini davlat tomonidan majburiy sug'urtalash tartibi, shuningdek, ularning pensiya ta'minoti shartlari, me’yorlari va tartibi to'g'risidagi nizomlar loyihalarini kiritsin;

b) Markaziy bank bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga sudyalar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga avtomobillar sotib olish uchun, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar apparatlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlariga esa uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etishni nazarda tutadigan takliflarni kiritsin;

v) Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 yil 14 dekabrdagi 164-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan Sud, O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o'rganish tadqiqot markazi va O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti xodimlarining mansab darajalari to'g'risidagi nizomni qayta ko'rib chiqish bo'yicha takliflar ishlab chiqsin va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag'lar ajratilishini ta'minlasin.

11. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o'zgartirishlar va qo'shimcha kiritilsin.

12. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo'chqorov, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.F.Kamilov va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o'rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.



O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,
2018 yil 13 iyul