28.03.2024, Payshanba

XOTIN-QIZLAR MASALALARI BO'YIChA KOTIBIYaTI

Xotin-qizlar qo`mitasi raisining kotibiyati to`g`risida

NIZOM

 

I. Umumiy qoidalar

 

1. Ushbu Nizom Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi kotibiyatining funktsional vazifalarini belgilaydi.

2. Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisining kotibiyati (keyingi o`rinlarda Kotibiyat deb ataladi) Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining funktsional tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi.

3. Kotibiyat o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.

4. Kotibiyat o`z faoliyatini Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi rahbarligida amalga oshiradi.

Kotibiyat o`z vakolatiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga bo`ysunadi, ayni vaqtda uning faoliyati Vazirlar Kengashi Ishlar boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

5. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining boshqa tarkibiy bo`linmalari, vazirliklar, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

 

II. Kotibiyatning vazifalari va funktsiyalari

 

6. Quyidagilar kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:

o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi ishlarini tashkil qilish;

Vazirlar Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib chiqilishini ta`minlash, ularni ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi tomonidan o`tkaziladigan majlislar, shu jumladan har haftalik apparat yig`ilishlari va turli komissiyalar majlislari materiallari tayyorlanishini va ularda qabul qilingan qarorlar rasmiylashtirilishini ta`minlash;

a) xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini muhofaza qilish, ularning ijtimoiy-huquqiy va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish sohasida:

xotin-qizlarning maqomini, ma`naviy va intellektual salohiyatini oshirish, ularning huquqlari va manfaatlari muhofaza qilinishini ta`minlash, oilada va jamiyatda huquqiy madaniyatini, rolini oshirish;

davlat va jamoatchilik organlarini jalb etgan holda yosh oilalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, ular uchun munosib hayotiy sharoitlar yaratish sohasida kompleks tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha tizimli ishlarni tashkil etish;

xotin-qizlar masalalari bo`yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda, ularning mohiyati va ahamiyatini targ`ib qilish va tushuntirishda, ularning bajarilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo`lga qo`yishda faol ishtirok etish;

qizlarning ijodiy va intellektual salohiyatini aniqlash, rivojlantirish va rag`batlantirish, talantli, iqtidorli qizlar zaxirasi bilan tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Zul`fiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, Zul`fiya nomidagi Davlat mukofoti bo`yicha hududiy komissiyalar faoliyatini takomillashtirish;

amaliy ishlarda tajribaga ega bo`lgan tashabbuskor qizlar orasidan kadrlar zaxirasini shakllantirish va tegishli rahbarlik lavozimlariga ularning nomzodlarini tavsiya etish tizimini yo`lga qo`yish;

xotin-qizlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati shaffofligini ta`minlash, ularning mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtirokiga ko`maklashish hamda faoliyatini muvofiqlashtirish;

xotin-qizlar qo`mitalari va fuqarolik jamiyati institutlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o`rtasida xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini, ularning oilalarini muhofaza qilish ishlarida ijtimoiy sheriklikni kengaytirish, xotin-qizlarga manzilli ijtimoiy yordam berish bo`yicha ishlarni tashkil etish;

xalqaro tashkilotlar va xorijiy tashkilotlar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, turli loyihalarni amalga oshirish ko`lamlarini kengaytirish;


b) onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish sohasida:

onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishini ta`minlashda faol qatnashish, ularni takomillashtirish bo`yicha takliflar tayyorlash;

xotin-qizlar, eng avvalo, onalar va bolalarning sog`lig`i muhofaza qilinishini ta`minlash, xotin-qizlar o`rtasida sog`lom turmush muhitini, turmush madaniyatini shakllantirish, ularning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini oshirish, patronat tizimini rivojlantirish ishlarini takomillashtirish;

oilaviy va xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ularni ommalashtirish bo`yicha tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish;

oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, xotin-qizlarning hamda jamiyatda hurmatga va katta nufuzga ega bo`lgan keksalarning hayotiy tajribasini faol jalb etgan holda oilaviy ajralishlarni bartaraf etish bo`yicha ishlarni tashkil etish, namunali oilalarning hayotiy namunasini targ`ib qilish;

oilaviy munosabatlarni sog`lomlashtirish, oila institutini mustahkamlash, nikoh shartnomalarining xususiyatlari va shartlari, farzandlar tarbiyasi uchun ota-onalarning bevosita mas`uliyati, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash bilan bog`liq tizimli targ`ibot tadbirlarini yo`lga qo`yish;

mahallalarda ayollar va yoshlar ishtirokida ma`naviyatni oshirish, ularni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta`siridan, milliy ongimizga xos bo`lmagan diniy separatizm, ekstremizm va terrorizm, odamlar savdosi va boshqa yot g`oyalardan muhofaza qilish;

har tomonlama kamol topayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, bag`rikenglik, ertangi kunga ishonch va atrofda sodir bo`layotgan hodisalarga daxldorlik ruhida tarbiyalash, yoshlarning mustaqil dunyoqarashini, kuchli ichki salohiyatini, milliy faxrlanish tuyg`usini va axloqiy-ma`naviy immunitetini shakllantirish;


v) xotin-qizlarni ishga joylashtirish, ularning ijtimoiy va mehnat huquqlarini ta`minlash sohasida:

bandlik dasturi doirasida xotin-qizlarni, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko`maklashish, ular bandligining sifati, doimiy ish o`rin bilan ta`minlanganligi yuzasidan amaliy nazoratni yo`lga qo`yish;

xotin-qizlarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish bo`yicha ishlarning holatini o`rganish va nazorat qilish, norasmiy ish bilan bandlikning oldini olish, mehnat munosabatlari, shu jumladan homilador ayollarga hamda kichik yoshdagi bolalari bo`lgan ayollarga qo`shimcha imtiyozlar berishda davlat va nodavlat tashkilotlarining mustahkam hamkorligini yo`lga qo`yish;

tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishni xohlaydigan ayollarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratishda ko`maklashish, berilgan imtiyozlarni to`g`ri qo`llanish masalalarini tartibga soluvchi, davlat ro`yxatidan va boshqa tartibotlardan o`tish, mehnat munosabatlariga kirishish bo`yicha qonunchilik hujjatlari yuzasidan tushuntirishlar olishda ularga yordam berish.

7. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlari bilan kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining tegishli hizmatlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning o`rinbosarlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining apparati, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining kotibiyatga oid topshiriqlari bo`yicha tegishli tahliliy, ma`lumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi;

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan, shuningdek Vazirlar Kengashi Raisi, Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi tomonidan qabul qilinadigan tegishli normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;

muammoli masalalarni hal etish hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi, shuningdek kotibiyatga tegishli sohalarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda Vazirlar Kengashi Raisiga va bevosita Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga taqdim etadi;

mutasaddilik qiladigan tarmoqlar va hududlarda ishlarning holatini, ijtimoiy-iqtisodiy, tarkibiy va ma`muriy islohotlar bo`yicha davlat dasturlari amalga oshirilishi, O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari va boshqa hujjatlari, Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlari bajarilishini shu jumladan joylarga borib o`rganadi, Vazirlar Kengashi rahbariyatiga axborot berish uchun tegishli tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;

O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy-normativ hujjatlari va topshiriqlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari va boshqa hujjatlari, Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Kengashi Raisi va uning o`rinbosarlari, Vazirlar Kengashi Ishlar boshqaruvchisi topshiriqlarining ijrosini ta`minlaydi;

Vazirlar Kengashining ko`rib chiqishi uchun tahliliy, ma`lumotnoma va boshqa materiallarni, Vazirlar Kengashining Raisi va uning o`rinbosarlari topshiriqlari loyihalarini tayyorlaydi;

Vazirlar Kengashiga kiritilgan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlar loyihalarining ekspertizasini, ishlab chiqilishini va kelishilishini amalga oshiradi, ular yuzasidan zarur tahliliy va ma`lumotnoma materiallarning sifatli tayyorlanishini ta`minlaydi;

Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga bevosita berilgan topshiriqlari to`g`risida o`z vaqtida axborot berilishini ta`minlaydi;

Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi ishtirokida o`tkaziladigan yig`ilishlar o`tkazilishini tashkil etadi va Vazirlar Kengashi Ijro etuvchi apparatining boshqa bo`linmalari ishtirokida ushbu yig`ilishlarda qabul qilingan qarorlarni rasmiylashtiradi;

Vazirlar Kengashi Raisi, Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi boshchilik qiladigan tegishli komissiyalar ishlarini tashkil etadi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi ish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonunlariga muvofiq ko`rib chiqadi;

davlat sirlari bo`lgan ma`lumotlar yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa axborotlarning himoya qilinishini ta`minlaydi;

Vazirlar Kengashining faoliyati to`g`risida jamoatchilikni belgilangan tartibda xabardor qilishni tashkil etadi;

kotibiyatda ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Kotibiyat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.

 

III. Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi

 

8. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Vazirlar Kengashida ko`rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish uchun kotibiyatga qonun hujjatlarida belgilangan zarur bo`lgan materiallar va ma`lumotlarni davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalaridan, tumanlar va shahar hokimliklaridan, boshqa tashkilotlardan, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalaridan belgilangan tartibda so`rab olish;

xalqaro konferentsiyalar, kongresslar, simpoziumlar, seminarlar va yig`ilishlar ishlarida, shuningdek xotin-qizlarning ijtimoiy-huquqiy va siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash, tadbirkor ayollarni qo`llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalar bilan ishlashda yakka tartibda yondashuvni takomillashtirish masalalari sohasida xalqaro loyihalarda qatnashish;

zarurat bo`lganda, kotibiyatda ko`rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari rahbarlari va xodimlarini, Vazirlar Kengashining tegishli majmualari, boshqarma va guruhlari xodimlarini taklif etish, jalb etish va ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlar, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalariga tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda kotibiyatga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bilan bog`liq bo`lgan masalalar bo`yicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlarda, Koraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning bajarilishi yuzasidan ishlarni belgilangan tartibda o`rganish;

zarurat bo`lganda, “Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi to`g`risida”gi Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonuni, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda tushgan hujjatlarni qaytarib yuborish.

9. Kotibiyatning javobgarligi:

o`ziga yuklangan vazifalar hamda funktsiyalarning sifatli va o`z vaqtida bajarilishi;

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining hujjatlari va topshiriqlariga muvofiq kotibiyatga tegishli takliflar va hujjatlar loyihalari har tomonlama va o`z vaqtida tayyorlanishiga;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Vazirlar Kengashiga, ya`ni kotibiyatga yuklatilgan vazifalar yuzasidan kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va o`z vaqtida ishlab chiqilishining tashkil etilishi, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o`tkazilishi, shuningdek asoslangan xulosalar tayyorlanishiga;

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish sifati, shuningdek kiritilgan loyihalar va qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash to`g`risida” 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomi ta`minlanishiga;

O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari,  farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlarining kotibiyatga bevosita tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi holatining o`z vaqtida o`rganilishi uchun javob beradi.

 

IV. Kotibiyatning tuzilmasi

 

10. Kotibiyatining tuzilmasiga kotibiyat mudiri va bosh mutaxassisi kiradi.

Kotibiyat xodimlari oliy ma`lumotli, yuqori malakali, davlat va mahalliy boshqaruv organlarida ishlagan, tajribali mutaxassislar orasidan tanlanadi.

Kotibiyatning tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Rayosati qarori bilan belgilanadi.

11. Kotibiyatning faoliyati Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan tasdiqlanadigan mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladi.

12. Kotibiyat o`z faoliyatida Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga bo`ysunadi.

13. Kotibiyat mudiri Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

14. Kotibiyat xodimlari Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

15. Kotibiyat nizomi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan tasdiqlanadi.

16. Kotibiyat bosh mutaxassisining funktsional vazifalari Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.  

 

V. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish

 

17. Kotibiyat ishlari O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va boshqa qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o`rinbosarlari topshiriqlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek Vazirlar Kengashining ish rejalari, Kotibiyatning ish rejalari, Kotibiyat mudirining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.

Kotibiyatning ish rejasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.

Kotibiyat mudirining shaxsiy ish rejasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

18. Kotibiyat o`z faoliyatini yarim yillik va yillik ish rejalari asosida olib boradi.

19. Kotibiyatda har haftada yig`ilishlar o`tkazilib, berilgan topshiriqlar, rejalarning bajarilishi nazorat etilib, yangi haftaga mo`ljallangan ishlar va topshiriqlar belgilab olinadi.

20. Kotibiyatda ish yuritilishi, hujjatlarning o`tishi kotibiyat mutaxassislari tomonidan olib boriladi hamda shu haqida muntazam ravishda Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga ma`lumot berib boriladi.

 

VI. Kotibiyat mudiri funktsional vazifalarining taqsimlanishi

 

21. Kotibiyat mudiri:

Kotibiyatga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, mutaxassisning faoliyatini tashkillashtiradi va kotibiyatga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsan javob beradi;

Vazirlar Kengashi Raisining bevosita Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga yo`llangan yozma topshiriqlari to`g`risida o`z vaqtida axborot berilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta`minlaydi va uning rezolyutsiyasiga muvofiq ularning bajarilishini tashkil qiladi;  

Kotibiyatning yarim yillik uchun ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosariga kelishish uchun kiritadi;

Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari uchun ma`lumotnoma, tahliliy, statistik va boshqa materiallar tayyorlaydi;

Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari boshqaradigan yig`ilishlar va majlislarning tayyorlanishini va o`tkazilishini ta`minlaydi, qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarishda kotibiyat xodim(lar)iga ishlarni taqsimlaydi va bevosita ijrosini nazoratga oladi;

boshqaruv apparatida amal qiladigan Yo`riqnomaga asosan, ish yuritishni olib borilishini ta`minlaydi;

o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi ishlarini tashkil qiladi;

Vazirlar Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib chiqilishini ta`minlaydi, ularning ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qiladi;

tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo`yicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarini tayyorlaydi, shuningdek ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta`minlaydi;

materiallar va hujjatlar loyihalari to`g`risida belgilangan tartibda Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisiga  axborot beradi;

tegishli funktsional masalalar va hujjatlar bo`yicha tizimlashtirilgan ma`lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;

agar kotibiyat mudiri vaqtinchalik bo`lmasa, uning majburiyatlarini bosh mutaxassis vaqtinchalik bajaradi;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisining topshiriqlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.