19.05.2022, Payshanba

Investitsiya loyihalarining samaradorligi ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz tomonidan oqilona iqtisodiy diplomatiya yuritilayotgani natijasida eksport va investitsiya miqdori izchil oshib bormoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobar o‘sgan. Buning evaziga yuzlab zavod va korxonalar ishga tushirilib, mahsulot va xizmatlar ko‘paydi, odamlar ishli bo‘ldi, yangi inshootlar qurildi.

Bunday ishlar har bir tarmoq va hududda davom etmoqda. Yil boshidan buyon 179 ta yirik va 10 mingta hududiy loyihalar ishga tushirilgan. Ularga 76 trillion so‘m investitsiya yo‘naltirilgan. 143 mingta ish o‘rni tashkil etilgan.

Yig‘ilishda yangi loyihalarni o‘z vaqtida bajarish va avval ishga tushganlarini to‘liq quvvatga chiqarish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Oxirgi yillarda foydalanishga topshirilgan 442 ta loyiha past quvvatda ishlayotgani qayd etildi. Joyida o‘rganilganda, ularning 238 tasida xomashyo va bozor topish, 115 tasida kredit, 35 tasida infratuzilma bilan bog‘liq muammolar borligi aniqlangan.

Viloyat hokimlariga ushbu korxonalar muammolarini hal etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yil yakuniga qadar 139 ta yirik va 3 mingta hududiy loyihalarni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari har bir so‘m investitsiya iqtisodiyotga natija bo‘lib qaytishi, xalqimiz manfaatiga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois loyihalar bo‘yicha kreditlarning maqsadli ishlatilishi va kelgusida natija berishi qat’iy nazoratga olindi.  

Sanoat loyihalarida asosiy e’tibor zamonaviy, raqobatbardosh, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Shu bois ular uchun ilg‘or xorijiy texnologiyalar xarid qilingan.

Yig‘ilishda joriy yilda import qilingan 270 dan ortiq uskuna hali o‘rnatilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Bunga sabab bo‘layotgan jarayonlarni soddalashtirib, uskunalarni tezroq foydalanishga kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi oldidan xalq bilan uchrashuvlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini aytgan edi. Buning uchun har bir hududda “tuman loyiha guruhlari” va xolding kompaniyalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu yangi tuzilmalar tadbirkorlarning biznes hamkoriga aylanadi. Ular tadbirkorlarning yonida turib, g‘oyadan boshlab, investorlarni jalb qilish va loyihalarni to‘liq quvvatda ishlashigacha har kuni yordam berishga mas’ul bo‘ladi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni tez va samarali tashkil etishga doir vazifalar belgilandi.  

Prezident xorijiy investitsiya va eksport hajmini oshirishda mamlakatimizning chet davlatlardagi elchilari faoliyati muhimligini ta’kidladi. Hudud va tarmoq rahbarlariga istiqbolli loyihalar topib, elchilar bilan birgalikda ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.