29.03.2024, Juma

“Ipak yo'li” turizm xalqaro universitetini tashkil etish to'g'risida


“Ipak yo'li” turizm xalqaro universitetini tashkil etish to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i

O'zbekiston boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosining mavjud resurslari va imkoniyatlaridan samarali foydalanish, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni faol jalb qilish turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy hamda tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qildi.

Shu bilan birga, turizm bosqichma-bosqich mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog'iga aylanayotganligini hisobga olgan holda mintaqalarning salohiyatini turizm sohasiga to'liq jalb etishni, xizmatlar sohasini rivojlantirishni, Buyuk ipak yo'lida turizm yo'nalishining jozibador markazi sifatida respublikaning ijobiy qiyofasini shakllantirishni ta'minlaydigan, yuqori malakali va jahon turizm industriyasi bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga ob’ektiv zarurat yuzaga kelmoqda.

Xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari va ijodiy ishlarni olib borish bo'yicha respublikaning tashabbuslarini amaliy ro'yobga chiqarish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida “Ipak yo'li” turizm xalqaro universitetini (keyingi o'rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib belgilansin:

zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan
va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo'llagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni milliy va xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashni ta'minlash;

ta'limning tegishli yo'nalishlari va mutaxassisliklari bo'yicha o'quv-metodik adabiyotlarni yaratish, yosh talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, turizm sohasida ta'lim tizimiga etakchi xorijiy ta'lim muassasalari tajribasini joriy qilish;

turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta'lim dasturlarini hamda o'qitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet el oliy ta'lim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga magistratura hamda doktoranturada o'qishga muntazam ravishda yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va o'qitish uslublarini faol takomillashtirish;

ta'lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish faoliyati bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasi sub’ektlari mutaxassislarini qayta tayyorlashni
va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

turistik faoliyatni va turizm sohasida yo'lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish;

etakchi respublika va xorijiy ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni, jumladan, ularning mutaxassis hamda ekspertlarini o'qitish va ilmiy tadqiqotlar o'tkazish jarayonlariga jalb qilish orqali rivojlantirish, turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo'yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish.

3. Belgilab qo'yilsinki:

Universitet oliy ta'lim muassasasi – yuridik shaxs shaklidagi O'zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, o'z majburiyatlari bo'yicha tasarrufidagi pul mablag'lari va mol-mulk bilan javob beradi;

Universitetda o'quv-metodik rahbarlik va ta'lim jarayonini yuritish ilg'or innovatsion hamda ilmiy-pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan ta'minlanadi;

Universitet O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi ayni vaqtda Universitetning bosh menejeri hisoblanadi;

Universitet rektori Universitet professor-o'qituvchilarining tarkibi to'liq shakllantirilgunga qadar Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan saylanadi, keyinchalik esa Universitet ustavida belgilanadigan tartibda professor-o'qituvchilar tarkibi tomonidan yopiq ovoz berish orqali saylanadi;

Universitetda 2019/2020 o'quv yilidan boshlab xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo'yicha o'qitishning kredit tizimi qo'llaniladi;

Universitetda o'qish o'zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, bakalavriatda O'zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini hisobga olgan holda ikkita chet tili: birinchisi – ingliz (frantsuz, nemis) tili, ikkinchisi – Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tillaridan (rus, xitoy) biri o'qitiladi;

Universitet bitiruvchilariga O'zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to'g'risidagi hujjat deb e’tirof etiladigan, belgilangan namunadagi diplom beriladi.

4. Quyidagilar:

“Ipak yo'li” turizm xalqaro universitetining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

“Ipak yo'li” turizm xalqaro universiteti faoliyatini tashkil etish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

“Ipak yo'li” turizm xalqaro universiteti Vasiylik kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Universitetning Vasiylik kengashiga Universitet tuzilmasiga o'zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

5. Universitetning Vasiylik kengashi quyidagi yo'nalishlar bo'yicha Universitetning rivojlanishiga ko'maklashuvchi jamoatchilik boshqaruvining oliy organi etib belgilansin:

turizm sohasida oliy ta'limni rivojlantirishga ko'maklashuvchi yangi shakllar, dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash, turizm sohasidagi sub’ektlar faoliyatiga ilmiy ishlanmalar natijalarini samarali joriy etish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo'yicha davlat, jamoat va biznes tuzilmalar bilan yanada samarali hamkorlik qilish;

hamkorlik to'g'risidagi sheriklik bitimlarini tuzish amaliyotini rivojlantirish va ularni amalga oshirish;

ta'lim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik o'rnatish va uni rivojlantirish;

Universitet pedagog va boshqa xodimlarining mehnat sharoitlarini hamda ularning ijtimoiy ta'minotini yaxshilash;

Universitetga moliyaviy yordam ko'rsatishni tashkil etish, uning faoliyatini ta'minlash va rivojlantirish uchun byudjetdan tashqari mablag'lar, homiylik xayriyalari va boshqa manbalarni jalb qilishda ko'maklashish.

6. Universitetning Vasiylik kengashi:

manfaatdor vazirlik va idoralarning Universitet faoliyatini tashkil etish bo'yicha ishi muvofiqlashtirilishini, o'quv majmuasi tayyorlanishini va 2018 yil 1 oktyabrdan o'quv jarayoni boshlanishini;

Universitetga ajratilayotgan binolarni ta'mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablag'lar safarbar etilishini, ushbu binolarning zamonaviy o'quv va laboratoriya uskunalari, inventar, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini;

Universitetda o'quv jarayonini tashkil etish uchun malakali professor-o'qituvchilar, jumladan, xorijdan o'qituvchilar, olimlar va mutaxassislar jalb etilishini ta'minlasin.

7. 2018/2019 o'quv yilida Universitet bakalavriatiga qabul qilish kvotasi 4-ilovaga muvofiq ta'lim yo'nalishlari yuzasidan, qonun hujjatlariga muvofiq oshirilgan kontrakt stavkalari bo'yicha qo'shimcha qabul qilish imkoniyati bilan, 125 kishi, jumladan, davlat grantlariga ko'ra 42 kishi etib belgilansin.

8. Belgilab qo'yilsinki:

a) 2018/2019 o'quv yilida Universitetga abiturientlarni qabul qilish O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi;

b) abiturientlarni, chet el fuqarolari bundan mustasno, Universitet bakalavriatiga qabul qilish test sinovlarini o'tkazish orqali amalga oshiriladi;

v) chet el fuqarolari Universitet bakalavriatiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari suhbat o'tkazish orqali to'lov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

g) 2019/2020 o'quv yilidan boshlab:

Universitetga talabalarni bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha qabul qilish kvotalari soni turizm sohasida mehnat resurslariga bo'lgan talab prognozidan va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning maqsadli buyurtmalaridan kelib chiqqan holda, Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi;

ilg'or, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqalar) sertifikatlariga ega bo'lgan abiturientlarga tegishli fanlardan belgilangan tartibda eng yuqori ball beriladi va kelgusida ular ushbu fanlar bo'yicha test sinovlaridan ozod qilinadi;

Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “Mehmonxona xo'jaligini tashkil qilish va boshqarish” hamda “Turizm (faoliyat yo'nalishlari yuzasidan)” ta'lim yo'nalishlari bo'yicha bakalavriat va magistraturaga qabul tugatiladi.

9. Universitetning Vasiylik kengashi uch oy muddatda:

2019/2020 o'quv yilidan Universitetning bakalavriati va magistraturasiga abiturientlarni, shuningdek, mazkur qaror bilan belgilanayotgan talablarni inobatga olgan holda chet el fuqarolarini qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizomni;

Universitetda xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo'yicha o'qitishning kredit tizimi to'g'risidagi nizomni tasdiqlasin.

10. Quyidagilar O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Madaniyat vazirligi, Universitetda kadrlar tayyorlash bo'yicha buyurtmachilarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

turizm sohasida yuqori malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyojni respublika hududlari kesimida aniqlash;

talabalarning turistik infratuzilma va namoyish ob’ektlari hamda majmualarida, jumladan, madaniy meros ob’ektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida amaliyot o'tashlarini tashkil qilish hamda uning “ustoz-shogird” uslubida o'tkazilishini ta'minlash;

turistik infratuzilma va namoyish ob’ektlari hamda majmualarida, jumladan, madaniy meros ob’ektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida amaliyot o'tash uchun malaka bazalarini taqdim etish.

Kadrlar buyurtmachilari, talabalar uchun Universitetni tamomlagandan keyin 5 yil davomida kadrlar buyurtmachisi tomonidan belgilangan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyatlarini o'rnatgan holda, ular va talabalar o'rtasida shartnoma tuzish orqali talabalar kontraktining bazaviy qiymati to'lovini amalga oshirish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilsin.

11. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

istisno tariqasida, ilg'or tajribani va o'quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyasini inobatga olib ta'lim standartlari, malakaviy talablar, o'quv rejalari va o'quv dasturlari, shuningdek, talabalar bilimlarini baholash tizimini mustaqil ravishda ishlab chiqish va Universitet Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda tasdiqlash;

professor-o'qituvchilar tarkibining faoliyat turlari bo'yicha vaqt me’yorlarini belgilash;

Universitet ta'lim yo'nalishlari bo'yicha pedagog kadrlarni, shuningdek, turizm sohasi sub’ektlari mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta'minlash;

turizm sohasida kadrlarga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib, Universitet Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda yangi istiqbolli o'quv yo'nalishlari va mutaxassisliklarini ochish;

bakalavriat, magistratura va oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim yo'nalishlari bo'yicha etakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo'shma ta'lim dasturlarini joriy etish;

Universitet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, xodimlarni moddiy rag'batlantirish uchun byudjetdan tashqari (jumladan, to'lov-kontrakt asosidagi ta'limdan tushayotgan) mablag'larni ulardan oqilona hamda samarali foydalanish sharti bilan belgilangan tartibda tasarruf etish;

Universitetning faoliyat yo'nalishlari bo'yicha shartnoma asosida konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar ko'rsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni tashkil etish.

12. Belgilab qo'yilsinki:

Universitet uchun kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha bir o'qituvchiga talabalar sonining nisbiy normativi 1:8,0 etib belgilanadi;

O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda, Universitetga sirtqi va kechki bo'limlarda ta'lim olish uchun abiturientlar qabul qilinishi mumkin;

byudjet mablag'lari hisobidan Universitetning professor-o'qituvchilar tarkibiga har oy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida, turizm sohasi bo'yicha xalqaro miqyosda tan olingan xorijiy oliy ta'lim muassasalari diplomiga ega bo'lgan va Universitet o'quv jarayoniga to'liq stavkada jalb qilingan o'qituvchilarga – 150 foizi miqdorida ustama to'lanadi;

Universitet rektoriga byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan Universitet xodimlariga ularning ish hajmi va samaradorligini hisobga olgan holda ular lavozim maoshining 100 foizigacha bo'lgan miqdorda qo'shimcha oylik ustama belgilash huquqi beriladi;

turistik infratuzilma va namoyish ob’ektlari hamda majmualari, jumladan, madaniy meros ob’ektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalaridan Universitet talabalari va ilmiy xodimlarining amaliyot o'tash joylari sifatida foydalanish tavsiya etiladi.

13. O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi:

a) bir oy muddatda Universitetning ta'sis hujjatlari ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda uning belgilangan tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazilishini ta'minlasin;

b) O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 15 sentyabrga qadar muddatda:

tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq Universitetning bo'limlari, fakultetlari va kafedralari shakllantirilishini, uning ta'lim tizimi va turizm sohasida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, xorijiy mamlakatlar mutaxassislari bilan to'ldirilishini, o'qituvchi va mutaxassislarning professional ko'nikmalari va bilim darajalarini uzluksiz oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini;

zarur o'quv rejalari va o'quv dasturlari, o'quv-metodik materiallar va qo'llanmalar ishlab chiqilishi va kafedralarga taqdim etilishini ta'minlasin.

14. Universitet tuzilmasida:

Turizm sohasida innovatsiyalar markazi tashkil etilsin, unga turizmni rivojlantirishning dolzarb muammolarini o'rganish va tadqiq qilish, shuningdek, ularni hal qilishning innovatsion yo'llarini ishlab chiqish, turizm sohasida startaplarni qo'llab-quvvatlashning to'liq tsiklini tashkil etish bo'yicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalari yuklansin;

Turizm sohasida axborot texnologiyalari markazi tashkil etilsin, ushbu markaz raqamli turizmni rivojlantirishga ko'maklashish va ushbu yo'nalishda zamonaviy dasturiy ta'minotni ishlab chiqish uchun mas’ul hisoblanadi.

15. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin:

O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari;

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi huzuridagi Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari;

to'lov-kontrakt asosida o'qitishdan tushadigan mablag'lar;

xo'jalik faoliyati bo'yicha va shartnoma asosida ko'rsatilgan xizmatlardan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag'lari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

xorijiy mamlakatlar, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning maqsadli mablag'lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2018 yilda Universitetni saqlab turish uchun byudjet mablag'lari ijtimoiy soha uchun nazarda tutilgan mablag'lar doirasida ajratiladi, 2019 yildan boshlab esa belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

16. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Universitetga 4 ta avtotransport vositasi, jumladan, 2 ta xizmat, 1 ta navbatchi va 1 ta turizm toifasiga oid avtobusni saqlash uchun limit ajratsin.

17. Samarqand viloyati hokimligi, O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining:

Samarqand shahri, Universitet shohko'chasi, 17-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining bino va inshootlarini tutash hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqarish huquqi bilan beg'araz berish;

Samarqand shahri, Mustaqillik ko'chasi, 57-uy manzilida joylashgan Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tutash hududi bilan birgalikda Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyiga operativ boshqarish huquqi bilan beg'araz berish;

Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejiga 2018/2019 o'quv yilidan boshlab qabul to'xtatilganligini inobatga olib, Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejini Siyob qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji bilan birlashtirish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.

18. Samarqand viloyati hokimligi, O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi 2018 yil 15 sentyabrga qadar muddatda birinchi bosqichda Universitetdagi zarur ishlarning quyidagi mablag'lar hisobidan amalga oshirilishini ta'minlasin:

Universitet bino va inshootlarini ta'mirlash-tiklash ishlarini – Samarqand viloyati mahalliy byudjeti mablag'lari;

Universitetni kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, jumladan, masofadan va onlayn o'qitishni tashkil etish uchun zarur bo'lgan o'quv texnika vositalari, turizm masalalari bo'yicha o'quv adabiyotlar va kutubxona fondi bilan jihozlashni – O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi huzuridagi Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari;

Universitetni mebel (partalar, stollar, stullar va boshqalar), inventar, zamonaviy laboratoriya jihozlari, shuningdek, o'quv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan jihozlashni – O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari.

19. O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi:

Universitet faoliyatini qo'llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlari, donorlar va boshqa xorijiy tashkilotlarning mablag'larini jalb qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ko'rsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasining asoslangan hisob-kitoblariga ko'ra 2019 yilda va keyingi yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda Universitetning bino va inshootlarini rekonstruktsiya qilish, tutash hududlarni obodonlashtirish uchun zarur mablag'larni ajratishni nazarda tutsin.

20. O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi Universitet professor-o'qituvchilari va ilmiy xodimlarining xorijiy turizm kompaniyalari, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, etakchi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlarida malakasini oshirishini, jumladan, iqtidorli mutaxassislar ushbu muassasalarning magistratura va doktoranturasiga o'qishga yuborilishini, shuningdek, yuqori malakali xorijiy o'qituvchilar, olimlar, va mutaxassislarni Universitet ta'lim jarayoniga keng jalb qilinishini tashkil etsin.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazining ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag'lari, shuningdek, xalqaro moliya institutlarining grantlari, byudjet mablag'lari va Universitetning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobiga amalga oshiriladi.

21. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitetning buyurtmalari bo'yicha belgilangan tartibda:

ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Universitetga jalb etiladigan xorijiy o'qituvchilar, olimlar va mutaxassislar hamda ularning oila a'zolariga kirish vizalari konsullik va boshqa yig'imlar undirilmagan holda rasmiylashtirilishini;

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlardan bo'lgan talabalarga ularning Universitetda butun ta'lim olish davriga uzoq muddatli ko'p martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta'minlasin.

22. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlardan bo'lgan talabalarga, Universitetda ishlash uchun jalb qilinadigan xorijiy o'qituvchilar, olimlar va mutaxassislarga davlat bojlari to'lashdan ozod etilgan holda ko'p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishi, shuningdek, vaqtinchalik ro'yxatdan o'tkazilishi hamda vaqtinchalik ro'yxatdan o'tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta'minlasin.

23. O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan Universitetga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun xorijdan o'qituvchilar, olimlar va mutaxassislarni respublikaga jalb etishga ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi)ni, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini ta'minlasin.

24. Universitet 2021 yil 1 yanvarga qadar muddatda Universitetni jihozlash va uning faoliyatini ta'minlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro'yxat bo'yicha olib kiriladigan, O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o'quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o'quv va ilmiy-uslubiy adabiyot, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlaridan tashqari) ozod etilsin.

25. Universitet:

qonunlar, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat soliq qo'mitasi, boshqa sohaviy vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari majburiy (bir nusxada) yuboriladigan tashkilotlar ro'yxatiga;

bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nusxalari (bir nusxada) oladigan tashkilotlar ro'yxatiga;

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan ro'yxatga kiritilsin.

26. O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduhakimov va O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi B.N. Umarov zimmasiga yuklansin.





O'zbekiston Respublikasi  Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOEV 


Toshkent shahri, 
2018 yil 28 iyun