19.05.2022, Payshanba

Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi idoralararo komissiyasi


O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI

HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI 
VA JINOYATChILIKKA QARShI KURAShISh TIZIMINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh 
ChORA-TADBIRLARI TO'G'RISIDA




O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2017 yil 14 martdagi PQ-2833-sonli qaroriga 
3-ILOVA 

VOYaGA ETMAGANLAR IShLARI BO'YIChA 
IDORALARARO KOMISSIYALAR TO'G'RISIDAGI 
NIZOM
 
 
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI

HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI VA JINOYaTChILIKKA QARShI KURAShISh TIZIMINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO'G'RISIDA
(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2017 y., 12-son, 184-modda)

Mustaqillik yillarida respublikada huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, mamlakatda huquq-tartibotni ta'minlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishildi.
Shu bilan birga, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining ish shakli va uslublari, eng avvalo axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan etarli darajada foydalanilmayotganligi sababli hozirgi kun talablariga to'liq javob bermaydi.
Davlat idoralari aksariyat hollarda huquqbuzarliklar profilaktikasini faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida baholab, oqibatda ushbu faoliyatga lozim darajada e’tibor qaratmayapti.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yo'naltirilmaganligi va ularga kompleks yondashilmayotganligi, shuningdek huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti.
Vakolatli organlarning etarli darajada tashabbus ko'rsatmayotganligi, lozim darajadagi idoralararo hamkorlikning mavjud emasligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning o'zaro nomutanosibligi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni talab etadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta'sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. Davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi ishlari qoniqarsiz deb e’tirof etilsin.
2. Huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari, shuningdek xo'jalik boshqaruvi organlarining (keyingi o'rinlarda — davlat idoralari va tashkilotlari) ustuvor vazifasi etib belgilansin.
Ushbu sohada quyidagilar davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib hisoblansin:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan aholi bilan to'g'ridan-to'g'ri va ochiq muloqotni yo'lga qo'yish, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatida faol ishtirok etish, fuqarolar murojaatlari va muammolariga bepisand munosabatda bo'lish va byurokratik holatlarga yo'l qo'ymaslik orqali ta'minlash;
huquqni qo'llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning, ayniqsa voyaga etmaganlar va yoshlar o'rtasida oldini olish hamda ularga chek qo'yish, shuningdek ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish bo'yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;
idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan videokuzatuv, elektron hisobga olish va o'zaro axborot almashish, idoralararo ma'lumotlar bazalari tizimlarini profilaktik ishlarga keng joriy etish;
jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni yo'lga qo'yish;
amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, qonuniylik ahvoli hamda jinoyatchilik darajasi haqidagi ma'lumotlarni aholiga etkazish masalalarida ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qilish, Internet butunjahon axborot tarmog'i imkoniyatlaridan keng foydalanish, sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish jarayoni to'g'risida keng jamoatchilikni tezkor xabardor qilish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini, shu jumladan huquqbuzarliklar dinamikasi, ularni sodir etish takroriyligi, ijtimoiy fikr, profilaktik ishlar natijasidan fuqarolarning qoniqish hosil qilishi va aholi bilan hamkorlik darajasini inobatga oladigan baholashning aniq mezonlarini joriy etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha idoralararo dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda manzillilik, sohaviy ixtisoslashuv, hududiy va boshqa o'ziga xos xususiyatlar inobatga olinishini ta'minlash;
ijtimoiy muammolarni hal etish, birinchi navbatda aholi bandligini ta'minlash, ayollar va yoshlarni ijtimoiy-foydali faoliyatga jalb etishni faollashtirish, voyaga etmaganlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi muammolari bo'yicha kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar o'tkazish, profilaktik ishlarni olib borishning zamonaviy uslubiyotini joriy etish;
huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilar va g'ayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo'lgan yoki sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa yordam ko'rsatish bo'yicha chora-tadbirlar tizimini rivojlantirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasiga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini, shu jumladan ularni moddiy va boshqacha tarzda rag'batlantirish orqali jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish.
3. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasini tashkil etish;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha komissiya, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha komissiyalarni tegishincha Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi hamda voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha hududiy idoralararo komissiyalar etib qayta tashkil etish;
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari huzurida prokuratura, ichki ishlar va O'zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining tajribali xodimlaridan iborat doimiy faoliyat yurituvchi idoralararo tezkor-tergov guruhlarini tashkil etish.
4. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi quyidagi komissiyalar bo'yicha yagona muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilansin:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi;
Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi;
Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi;
Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi.
5. Haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilansin va ushbu kunda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilsin:
huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida «ochiq eshiklar kuni»ni tashkil etish orqali tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qonuniylik ahvolini va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha chora-tadbirlarning samaradorligini atroflicha muhokama qilish uchun joylarda, birinchi navbatda kriminogen vaziyat nomaqbul bo'lgan hududlarda fuqarolarning sayyor qabullarini hamda davlat idoralari va tashkilotlari vakillarining aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish;
ijtimoiy ahamiyati muhim bo'lgan sud muhokamalari bo'yicha sayyor sud majlislarini o'tkazish;
aholi turmushining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini o'rganish, huquqbuzarlik sodir etishga ko'maklashuvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida uyma-uy yurishlarni tashkil etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
maxsus teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari, jinoyatlarni fosh etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo'yicha ishlarning natijalarini muhokama qilish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo'yicha ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog'ida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etish.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi ikki hafta muddatda mas’ul ijrochilarni aniq belgilagan holda, mazkur qaror talablariga muvofiq aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi huquqbuzarliklar profilaktikasi kunlarini o'tkazish bo'yicha namunaviy dasturni tasdiqlasin.
6. Quyidagilar:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi to'g'risidagi Nizom va uning tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha idoralararo komissiyalar to'g'risidagi Nizom va Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining tarkibi 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi to'g'risidagi Nizom va uning tarkibi 5 va 6-ilovalarga muvofiq;
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha 2017 — 2018 yillarga mo'ljallangan dastur 7-ilovaga* muvofiq;
* 7-ilova berilmaydi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha ishlarni muvofiqlashtirish sxemasi 8-ilovaga muvofiq;
«Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» doirasida tadbirlarni tashkil etish sxemasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida Umumiy shtat birligi doirasida 21 shtat birligidan iborat bo'lgan Qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi (keyingi o'rinlarda — Boshqarma) tashkil etilsin.
Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
huquqbuzarliklar sodir etilish sabab va shart-sharoitlarning, qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlashga ta'sir etuvchi omillarning, ayniqsa huquqbuzarliklarning salbiy dinamikasi kuzatilgan sohalarda tizimli tahlilini tashkil etish;
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining boshqa tarkibiy bo'linmalari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda huquqbuzarliklarning sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni barham toptirishga qaratilgan ta'sirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
qonunchilik hamda huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish, qonun hujjatlari buzilishiga, shuningdek huquqiy normalarni o'zboshimchalik bilan, sub’ektiv, tanlov asosida talqin qilish faktlariga yo'l qo'ymaslik va ularni bartaraf etish, davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlash;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish;
qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini tatbiq etish borasida takliflar tayyorlash;
qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlash bo'yicha dolzarb masalalar yuzasidan seminarlar, «davra suhbatlari», konferentsiyalar, simpoziumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish hamda o'tkazish;
qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlash sohasida ilg'or xorijiy tajribani o'rganish, uni O'zbekiston Respublikasida joriy etish bo'yicha takliflar tayyorlash.
8. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Boshqarmaga noyuridik mutaxassislikdagi (iqtisodchilar, moliyachilar, sotsiologlar va boshqalar) zarur bilim va tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni ishga qabul qilish huquqi berilsin.
Boshqarma xodimlariga lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo'shimcha ustama haq belgilansin.
9. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasiga vakolatli organlar va boshqa tashkilotlar o'rtasida ma'lumotlar va materiallarning samarali almashinuvini ta'minlaydigan yagona axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashni nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan mazkur qarorning 8-bandida nazarda tutilgan xarajatlarni qoplagan holda, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining xarajatlar smetasi va shtat jadvallariga o'zgartirishlar kiritsin.
11. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullaev zimmasiga yuklansin.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoEV

                                                    Toshkent sh., 2017 yil 14 mart, 2833-son
 
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2017 yil 14 martdagi PQ-2833-sonli qaroriga 
3-ILOVA 

Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha idoralararo komissiyalar to'g'risidagi 
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar 
1. Ushbu Nizom voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiya (keyingi o'rinlarda — Respublika komissiyasi), Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar (keyingi o'rinlarda — mintaqaviy komissiyalar), tuman (shahar) (keyingi o'rinlarda — tuman (shahar) komissiyalari) idoralararo komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Respublika komissiyasi, shuningdek mintaqaviy komissiyalar, tuman (shahar) komissiyalari (keyingi o'rinlarda — hududiy komissiyalar) o'z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi organlar hisoblanib, ular:
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, ularga imkon tug'diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash;
ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo'lgan voyaga etmaganlarni ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish maqsadida tuziladi.
Hududiy komissiyalar o'z faoliyatida yuqori turuvchi komissiyalarga hisobdordir, o'z faoliyati to'g'risida har chorak yakunlari bo'yicha ularni xabardor qilib turadilar va hisobot berib boradilar.
3. Respublika komissiyasining shaxsiy tarkibi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
4. Hududiy komissiyalar rais (tuman (shahar), viloyat va Toshkent shahar hokimi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi), rais o'rinbosari va 10 — 18 nafar a'zosidan iborat tarkibda tuziladi. 
Hududiy komissiyalar a'zolari soni ish hajmidan kelib chiqib belgilanadi.
Mas’ul kotib joriy ishlarni va hududiy komissiya qarorlarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
Hududiy komissiyalar tarkibiga tegishli ravishda xalq ta'limi, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, sog'liqni saqlash, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi, mehnat, madaniyat, sport, ichki ishlar organlari, shuningdek xotin-qizlar qo'mitasi, kasaba uyushmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mudofaaga ko'maklashish tashkiloti, mehnat jamoalari, madaniy-ma'rifiy va boshqa muassasalarning vakillari kiritilishi mumkin.
Hududiy komissiyalar faoliyati izchil ravishda tashkil etilishini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari tizimida mahalliy byudjet hisobidan hududiy komissiyalar mas’ul kotiblari, shuningdek zaruriyat bo'lganda voyaga etmaganlar bilan ishlash bo'yicha inspektorlar faoliyat ko'rsatadi.
Hududiy komissiyalar tarkibida: voyaga etmaganlar o'rtasida madaniy-tarbiyaviy ishlar bo'yicha, ta'lim muassasalari o'quvchilari bilan ishlash bo'yicha, voyaga etmaganlarni ishga joylashtirish va ularning maishiy turmushi sharoitlarini yaxshilash masalalari bo'yicha, ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan va tarbiya koloniyalaridan ozod qilingan voyaga etmaganlarni nazorat qilish bo'yicha sektsiyalar tashkil etilishi mumkin.
Komissiyalar vakolatiga kiritilgan muhim masalalarni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun vaqtincha yoki doimiy ishlovchi ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin.
5. Komissiyalarning faoliyati keng jamoatchilik ishtirokida amalga oshiriladi. Komissiya ishiga kasaba uyushmalari, ta'lim muassasalarining ota-onalar qo'mitalari, vasiylik kengashlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlarining hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari jalb etilishi mumkin.
Komissiyalar ishlashga jalb qilingan shaxslar orasidan voyaga etmaganlar bilan ishlovchi jamoatchi inspektorlar va jamoatchi tarbiyachilar ajratadilar.
6. Komissiyalar o'z vakolatlariga kiritilgan masalalar bo'yicha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan qarorlar qabul qiladilar.
Davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari komissiya qarorlarini bajarish yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlar to'g'risida komissiyaga o'n kunlik muddat mobaynida xabar berishlari shart.
Hududiy komissiyalarni moddiy-texnik jihatdan ta'minlash bilan bog'liq masalalarni hal etish bo'yicha vazifalar tegishli ravishda tumanlar (shaharlar), viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklanadi.

2-bob. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari va funktsiyalari
7. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish; 
davlat organlari va tashkilotlarning voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini ularning samaradorligini, yaqindan hamkorligi va ish uyg'unligini ta'minlash maqsadida muvofiqlashtirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko'rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qo'llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yo'li bilan bartaraf etish;
davlat organlari va tashkilotlarning voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashdagi o'zaro hamkorligini yaxshilash yuzasidan choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ma'lumotni to'plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
8. Respublika komissiyasi o'ziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib:
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
hududiy komissiyalar ishini nazorat qiladi va yo'naltiradi, ularning faoliyatini tahlil qiladi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatadi;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning ijobiy ish tajribasini umumlashtiradi hamda ommalashtiradi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarning voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha choralarni ko'radi;
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish, ularning nazoratsizligi va huquqbuzarliklari, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni aniqlash va joylashtirish bilan bog'liq masalalarni o'rganadi va umumlashtiradi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi ustuvor yo'nalishlar bo'yicha o'zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqadi;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishini ta'minlaydi;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo'yicha tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi, shuningdek ushbu tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
o'z vakolatiga kiritilgan muammolarni hal etish bilan bog'liq maqsadli dasturlar loyihalarini o'rganadi;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon tug'diruvchi sabablar va sharoitlarni tahlil qiladi;
davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy sheriklikni va fuqarolik jamiyati institutlari bilan to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni rivojlantirish choralarini ko'radi;
voyaga etmaganlar o'rtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalar faoliyatini o'rganadi, uni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
davlat organlari va tashkilotlarning Respublika komissiyasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo'yicha takliflarini ko'rib chiqadi.
Respublika komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin. 

3-bob. Mintaqaviy komissiyalarning asosiy vazifalari va funktsiyalari
9. Quyidagilar mintaqaviy komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va tiklash, voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va g'ayriijtimoiy xatti-harakatlarga imkon tug'diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va tashkilotlarning voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko'rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish; 
huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishda, shuningdek huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarning hamkorligini yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ma'lumotni to'plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
tuman (shahar) komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
10. Mintaqaviy komissiyalar o'zlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqib:
Toshkent shahar, tegishli viloyat, Qoraqalpog'iston Respublikasi hududidagi voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ushbu hodisalarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, bolalarni joylashtirish va ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
tumanlar (shaharlar) komissiyalarining ishini nazorat qiladi va yo'naltiradi, ularning faoliyatini tahlil qiladi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarning ijobiy ish tajribalarini umumlashtiradi va ommalashtiradi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatadi;
voyaga etmaganlar o'rtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha choralarni ko'radi;
tumanlar (shaharlar) komissiyalarining qarorlarini tekshiradi, noqonuniy yoki asossiz qarorlarni bekor qiladi.

4-bob. Tumanlar (shaharlar) komissiyalarining vazifalari va funktsiyalari
11. Quyidagilar tumanlar (shaharlar) komissiyalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va tiklash, voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlarga imkon tug'diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
voyaga etmaganlarni tarbiyalash, o'qitish, saqlash (parvarishlash) sharoitlari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi muassasalarida voyaga etmaganlar bilan muomalada bo'lish yuzasidan nazoratni tashkil etish;
davlat organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va tashkilotlarning voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko'rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;
huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishda, shuningdek huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarning hamkorligini yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid axborotni to'plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoxud ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga etmaganlarni ishga joylashtirish va ularning maishiy yashash sharoitini yaxshilashda yordam ko'rsatish, davlat yordamiga muhtoj bo'lgan boshqa voyaga etmaganlarni joylashtirish shakllarini aniqlashda ko'maklashish, shuningdek voyaga etmaganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga doir qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ishlarni amalga oshirish.
12. Tumanlar (shaharlar) komissiyalari o'zlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqib:
xalq ta'limi, sog'liqni saqlash, mehnat, madaniyat, sport, ichki ishlar organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning bolalarni tarbiyalash, ularni joylashtirish, salomatligini mustahkamlash, voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tumanlar (shaharlar) hududidagi voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning keltirib chiqaruvchi sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, bolalarni joylashtirish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
voyaga etmaganlar o'rtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat va jamoat yordamiga muhtoj bo'lgan voyaga etmaganlarni aniqlash va hisobga olish tadbirlarini amalga oshiradi;
voyaga etmaganlar, pedagogik jamoalar va jamoatchilik o'rtasida huquqiy targ'ibotni amalga oshiradi;
voyaga etmaganlarning, ularning ota-onasi yoki ota-onasining o'rnini bosuvchi shaxslarning, shuningdek boshqa shaxslarning voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog'liq shikoyatlari va arizalarini ko'rib chiqadi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoki ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga etmaganlarni ishga joylashtirishga va ularning maishiy yashash sharoitlarini yaxshilashga, davlat tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj bo'lgan voyaga etmaganlarni joylashtirish shakllarini aniqlashga yordam beradi;
O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga muvofiq komissiyalar vakolatiga kiritilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqadi;
voyaga etmaganlarga nisbatan ta'sir ko'rsatish choralarini ko'radi.
Tumanlar (shaharlar) komissiyalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

5-bob. Tuman (shahar) komissiyalarining nazorat funktsiyalari
13. Tuman (shahar) komissiyalari ichki ishlar organlari bilan birgalikda tarbiyaviy ta'sir qilish yoki ma'muriy jazolash choralari ko'rilgan, ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazoga hukm qilingan, jazoga shartli hukm qilingan va jazoni o'tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni o'tagan voyaga etmaganlarning xulq-atvorini kuzatib borishni tashkil etadi, shuningdek ushbu toifadagi voyaga etmaganlarning hisobini olib boradi.
Tuman (shahar) komissiyalari, zarur bo'lgan hollarda, voyaga etmaganlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga joylashtirish yoki ularni ta'lim muassasalariga yuborish chora-tadbirlarini ko'radilar.
14. Tuman (shahar) komissiyalari bolalarni ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalarida hamda etim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar uchun mo'ljallangan ta'lim muassasalarida saqlash, tarbiyalash va ta'lim olish sharoitlari, bolalarning istiqomat joylarida madaniy dam olishlari uyushtirilishi, shuningdek, zarur hollarda, umumta'lim maktablarida, boshqa ta'lim muassasalarida, madaniy-ma'rifiy muassasalar va sport tashkilotlarida voyaga etmaganlar bilan tarbiyaviy ishlar olib borilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar.
Voyaga etmaganni xorijiy davlatdagi ta'lim muassasasiga o'tkazish munosabati bilan umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasidan chiqarish faqat ta'lim muassasasi joylashgan tuman (shahar) komissiyasining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
15. Tuman (shahar) komissiyalari tashkilotlarda voyaga etmaganlarga nisbatan mehnat to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganligi, ular bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning ahvoli, ularning umumta'lim, madaniy va kasbiy darajasini oshirish uchun zarur moddiy-maishiy sharoitlar yaratib berilganligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradilar.
Tuman (shahar) komissiyalari, agar ishlarni davom ettirish voyaga etmaganlarning sog'lig'iga xavf soladigan yoki ular uchun boshqacha ziyon keltiradigan bo'lsa, voyaga etmaganlar va ish beruvchi o'rtasida tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqlidir.
16. Tuman (shahar) komissiyalari mazkur tuman (shahar) hududida joylashgan ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalarida, tarbiya koloniyalarida, ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasi bo'linmalarida va voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazlarida tarbiyaviy ishlar, umumiy ta'lim va kasb-hunar o'quvlarining olib borilishi, ularni saqlash va mehnatining to'g'ri tashkil etilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshiradilar, shuningdek ushbu muassasalarga ko'rsatib o'tilgan ishlarni amalga oshirishda yordam ko'rsatadilar.

6-bob. Tuman (shahar) komissiyalarining huquqlari
17. Tuman (shahar) komissiyalari quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va tashkilotlarda voyaga etmaganlarni saqlash, tarbiyalash va o'qitish sharoitlarini nazorat qilish;
etim va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun ta'lim muassasalarida, ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalarida, tarbiya koloniyalarida hamda ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazlarida voyaga etmaganlarni saqlash va tarbiyalash sharoitlarini, shuningdek ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar o'rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmalaridagi ishlarning holatini tekshirish;
umumta'lim maktablari va boshqa ta'lim muassasalarida, madaniy-ma'rifiy muassasalarda, shuningdek voyaga etmaganlar ishlayotgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda voyaga etmaganlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning ahvolini tekshirish;
yangi uy-joy mavzelari va tumanlarni qurish loyihalashtirilganda o'yin va sport maydonchalari, bolalar stadionlari va bolalar dam olish zonalari qurish uchun er maydonlari ajratilishini nazorat qilib borish;
davlat organlari va tashkilotlardan komissiyalar ishi uchun zarur bo'lgan ma'lumotlarni olish;
ko'rib chiqilayotgan masalalar bo'yicha axborot va tushuntirishlar olish uchun o'z majlislariga mansabdor shaxslarni, mutaxassislarni va boshqa shaxslarni taklif etish;
komissiya majlislarida tegishli davlat organlari va tashkilotlar rahbarlarining voyaga etmaganlarni saqlash va tarbiyalash sharoitlariga oid masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish;
voyaga etmaganlarni, ota-onalarni shaxsan qabul qilish, ularning shikoyat va arizalarini ko'rib chiqish, ularning shaxsiy hujjatlar yig'majildlari bilan tanishish;
zarur tayyorgarlikka, hayotiy tajribaga yoki bolalar bilan ishlash tajribasiga ega bo'lgan fuqarolarni ularning roziligi bilan ota-onalarga yoki ota-ona o'rnini bosuvchi shaxslarga huquqbuzarliklar yoki boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etgan voyaga etmaganlarni qayta tarbiyalashda yordam berish uchun jalb etish;
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risidagi xabarlar yuzasidan tegishli choralar ko'rish; 
voyaga etmaganlar bilan tarbiyaviy ish olib borish, ularni o'qishga yuborish va ishga joylashtirish masalalari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar kiritish;
voyaga etmaganlarni afv etish to'g'risida iltimos qilish, ularni javobgarlikdan ozod qilish, ularga ancha engilroq bo'lgan jazoni qo'llash, ularni shartli ravishda hukm etish, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash to'g'risidagi tavsiyanomalar bilan jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudiga murojaat qilish; jazoni ijro etuvchi organ bilan birgalikda voyaga etmaganlarni jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoning o'talmagan qismini engilroq jazo bilan almashtirish to'g'risida jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudiga taqdimnomalar kiritish; ichki ishlar organi bilan birgalikda ozodlikdan mahrum etish to'g'risidagi hukmning ijrosini kechiktirishni bekor qilish hamda mahkumni hukmda belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o'tash uchun yuborish to'g'risida jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish; tarbiya koloniyasining ma'muriyatiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni jazoni o'tash vaqtida saqlab turish sharoitlarini o'zgartirish haqida jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish to'g'risida rozilik berish;
voyaga etmaganlar bilan tarbiyaviy ish olib borishning, ular kasb-hunar ta'limining, ularni ishga joylashtirish va o'qishga yuborishning ahvoli to'g'risidagi masalalarni tuman (shahar) hokimliklariga ko'rib chiqish uchun kiritish;
tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ularning komissiyalar qarorlarini bajarmagan, shuningdek komissiyaning taqdimnomasida ko'rsatilgan voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi holatlarini bartaraf etish choralarini ko'rmagan mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish to'g'risida taqdimnoma kiritish.
Respublika komissiyasi, mintaqaviy komissiyalar o'z funktsiyalarini bajarishda ushbu bandda nazarda tutilgan huquqlardan ham foydalanadilar.


7-bob. Voyaga etmaganlarni joylashtirish chora-tadbirlari
18. Tuman (shahar) komissiyalari ta'lim, mehnat, sog'liqni saqlash, ichki ishlar organlari bilan birgalikda va jamoatchilikning faol ishtirokida etim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni; voyaga etmaganlarni va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarni; ta'lim muassasalarida mashg'ulotlarga uzrli sababsiz muntazam bormaydigan voyaga etmaganlarni, shuningdek davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo'lgan boshqa voyaga etmaganlarni aniqlaydilar va hisobga qo'yadilar hamda ularni joylashtirish chora-tadbirlarini ko'radilar.
19. Tuman (shahar) komissiyalarining voyaga etmaganlarni joylashtirish shakli ko'rsatilgan qarorlari:
1) ta'lim organlariga:
bolalarni umumta'lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlariga joylashtirish uchun;
jismoniy yoki aqliy rivojlanishida etishmovchiligi bor bolalarni ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktablariga va boshqa tegishli o'quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish uchun;
2) vasiylik va homiylik organlariga — etim va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarni joylashtirish uchun;
3) sog'liqni saqlash organlariga — nogiron bolalarni joylashtirish, spirtli ichimliklar, giyohvand vositalar, psixotrop yoki intellektual-o'zini idora qilish faoliyatiga ta'sir etadigan boshqa moddalarni muntazam iste’mol qiladigan voyaga etmaganlarni davolashni, rivojlanishida yoki xulq-atvorida nuqsonlari bo'lgan voyaga etmaganlarga ixtisoslashtirilgan diagnostika va davolash-tiklash yordami ko'rsatishni tashkil etish uchun;
4) ichki ishlar organlariga — voyaga etmaganlar va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalar bilan yakka tartibda profilaktika ishlari olib borishni tashkil etish uchun;
5) korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga (mehnat organlaridan bo'sh ish joylari va bo'sh lavozimlar borligi to'g'risida ma'lumotlar olingandan keyin) — ishga qabul qilish uchun yuboriladi.

8-bob. Komissiyalar tomonidan ko'rib chiqiladigan ishlar
20. Tuman (shahar) komissiyalari zimmasiga quyidagi voyaga etmaganlar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish yuklanadi:
o'n to'rt yoshga to'lmasdan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, o'n uch yoshga to'lgandan keyin og'irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o'ldirgan voyaga etmaganlar bundan mustasno;
o'n to'rt yoshdan o'n olti yoshgacha bo'lgan davrda jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan;
o'n to'rt yoshdan o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan davrda jinoyat alomatlari bo'lgan qilmishlar sodir etib, ularga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atish rad qilingan yoki jinoiy ish tugatilgan;
o'n olti yoshgacha bo'lgan davrda yo'l harakati qoidalarini buzgan;
boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etgan;
umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasb-hunar ta'lim muassasalarida (umumta'lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida) o'qishdan bosh tortgan;
ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etganligi uchun qonunchilikka asosan javobgarlikdan ozod qilingan;
O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda ma'muriy huquqbuzarliklar sodir etgan.

9-bob. Ta'sir ko'rsatish choralari va ularni qo'llash tartibi
21. Tuman (shahar) komissiyalari ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hollarda voyaga etmaganlarga nisbatan ta'sir ko'rsatish choralari sifatida quyidagilarga haqli:
voyaga etmaganga jabrlanuvchidan uzr so'rash majburiyatini yuklash to'g'risida tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish;
ogohlantirish chiqarish;
o'n besh yoshga to'lgan voyaga etmagan zimmasiga, agar u mustaqil ish haqiga ega bo'lsa va zarar miqdori belgilangan eng kam oylik ish haqidan ortiq bo'lmasa etkazilgan moddiy zararning o'rnini qoplash yoki uni bartaraf etish majburiyatini yuklash yoki belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan ortiq bo'lmagan moddiy zararni o'z mehnati bilan qoplash majburiyatini yuklash to'g'risida tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish;
o'n olti yoshga to'lgan va mustaqil ish haqiga ega bo'lgan voyaga etmaganga O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida nazarda tutilgan hollarda va miqdorlarda jarima solish;
voyaga etmaganni o'z ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar yoxud jamoat tarbiyachilari nazoratiga, shuningdek ularning roziligi bilan mehnat jamoasi yoki nodavlat notijorat tashkiloti kuzatuviga topshirish;
voyaga etmaganni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish to'g'risida sudga iltimosnoma yuborish. 
Har bir aniq holat bo'yicha qabul qilingan ta'sir ko'rsatish choralari to'g'risida tuman (shahar) komissiyalari voyaga etmaganning yashash, o'qish yoki ish joyi bo'yicha huquqbuzarliklarning profilaktikasi bo'linmalari tomonidan voyaga etmaganlar o'rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakka tartibda profilaktika ishlarini olib borish masalasini hal etish uchun tegishli hududiy ichki ishlar organlariga xabarnoma yuborishga majbur.
22. Tuman (shahar) komissiyalari voyaga etmaganlarning ota-onalari yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan, voyaga etmagan shaxsni saqlash, tarbiyalash va o'qitish bo'yicha o'z vazifalarini bajarishdan bosh tortganligi yoki o'z vazifalarini zarur darajada bajarmaganligi yoxud voyaga etmaganlarning xulq-atvoriga salbiy ta'sir ko'rsatganligi yoki ular bilan shafqatsiz muomalada bo'lganligi uchun, shuningdek voyaga etmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun quyidagi ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llashi mumkin:
O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida belgilangan miqdorlarda jarima solish;
istisno hollarda, bolaning hayotiga yoki sog'lig'iga bevosita xavf mavjud bo'lganda ish sud tomonidan hal etilgunga qadar bolani vaqtincha ota-onasidan yoki bola ularning vasiyligida bo'lgan boshqa shaxslardan olib qo'yish to'g'risida vasiylik va homiylik organlariga iltimosnoma kiritish.
Komissiya ota-onalarning muomala layoqatini cheklangan deb topish, ularni ota-onalik huquqidan mahrum etish, bolalarni ota-onalaridan ularni ota-onalik huquqidan mahrum etmasdan olib qo'yish, shuningdek agar bolalarning ota-onalari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo'lib, shu bolalari bilan birgalikda yashashlari mumkin emas deb topilsa, ularni boshqa turar joy bermasdan ko'chirib yuborish to'g'risida fuqarolik ishlari bo'yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga da'vo bilan murojaat qilish huquqiga ega.
23. Voyaga etmaganlarni ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalariga yuborish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda komissiyaning iltimosnomasi asosida chiqarilgan jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudining ajrimi bo'yicha amalga oshirilishi mumkin.
24. Tuman (shahar) komissiyalari o'z bolalarini tarbiyalashga noto'g'ri munosabatda bo'layotgan yoki komissiya chiqargan qarorning bajarilishiga to'sqinlik qilayotgan ota-onalarga yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llash haqida, shuningdek bolalarning huquqbuzarliklar qilishlari uchun sharoit yaratib berayotgan yoxud voyaga etmaganlarni jinoyat va boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar qilishga undayotgan yoki jalb etayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish to'g'risida tegishli davlat organlariga taqdimnoma kiritadilar.
25. Ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan ta'sir ko'rsatish choralari qo'llanilayotganda tuman (shahar) komissiyasi huquqbuzarlikning xususiyati, darajasi va sabablarini, voyaga etmaganning yoshini va uning hayot sharoitlarini, uning huquqbuzarlik qilishda qay darajada ishtirok etganligini, shuningdek uning turmushidagi, ta'lim muassasasidagi va ishdagi xulq-atvorini albatta hisobga olishi lozim.
Tuman (shahar) komissiyasining ogohlantirish berish to'g'risidagi qarori bir yil mobaynida amal qiladi. Agar ta'sir ko'rsatish chorasi qo'llanilgan voyaga etmagan shu muddat ichida yangi huquqbuzarlik sodir etmasa ta'sir ko'rsatish chorasi tugallangan hisoblanadi. Ta'sir ko'rsatish chorasini qo'llagan komissiya o'z qaroriga binoan, agar ana shunday ta'sir ko'rsatish chorasi qo'llanilgan voyaga etmagan namunali axloqi bilan o'zini ko'rsatsa, ta'sir ko'rsatish chorasini bir yil o'tmasdan ham bekor qilishi mumkin.
Tuman (shahar) komissiyasining voyaga etmaganni o'z ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar yoxud jamoat tarbiyachilari nazoratiga yoki mehnat jamoasi, nodavlat notijorat tashkiloti kuzatuviga topshirish to'g'risidagi qarorining amal qilish muddati, agar voyaga etmagan o'zining namunali axloqi va ishga hamda o'qishga bo'lgan halol munosabati bilan o'zining tuzalganligini isbotlasa, mazkur shaxslar yoki tashkilotlar iltimosnomasiga binoan istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin.
Tanlab olingan tarbiyaviy ta'sir ko'rsatish chorasi voyaga etmaganga ta'sir qilmagan taqdirda komissiya bunday voyaga etmaganga nisbatan ushbu Nizomning 21-bandida ko'rsatilgan ta'sir ko'rsatish choralaridan qattiqrog'ini qo'llashga haqlidir.
26. Tuman (shahar) komissiyasining jarima solish to'g'risidagi qarori shu qaror topshirilgan kundan boshlab o'n besh kun mobaynida ana shunday jarima solingan shaxs tomonidan to'lanishi lozim, bunday qaror ustidan shikoyat yoki protest berilgan taqdirda esa, mazkur shikoyat yoki protest qondirilmaganligi haqida ma'lumotnoma olingan kundan boshlab o'n besh kundan kechiktirmay to'lanadi.
Tuman (shahar) komissiyasining qarori bilan solingan jarima tegishli bank muassasasiga to'lanadi.
Jarima muddatida to'lanmagan taqdirda tuman (shahar) komissiyasining jarima solish to'g'risidagi qarori jarima summasini sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq jarima solingan shaxsning ish haqidan yoki boshqa maoshidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan majburiy tartibda ushlab qolish uchun yuboriladi.
Agar jarima solingan shaxs ishlamayotgan bo'lsa yoki solingan jarimani boshqa sabablarga ko'ra uning ish haqidan yoki boshqa maoshidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan undirib olishning iloji bo'lmasa, jarima tuman (shahar) komissiyasining jarima solish to'g'risidagi qarori asosida undiruvni huquqbuzarning mol-mulkiga, shuningdek uning umumiy mulkdagi ulushiga qaratish yo'li bilan sud ijrochisi tomonidan undirib olinadi.
27. Voyaga etmaganlar ixtisoslashtirilgan maktablarda o'n olti yoshga etgungacha, ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida esa, o'n sakkiz yoshga etgungacha saqlanadilar.
Istisno hollarda o'quvchilarni ixtisoslashtirilgan maktablarda saqlash muddati ular o'n etti yoshga etgungacha uzaytirilishi mumkin.
Voyaga etmaganlar ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalarida axloqan tuzalgunlarigacha saqlanadi, lekin bu muddat uch yildan ortiq bo'lmasligi kerak.
Ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalari joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi o'quvchiga ko'rsatib o'tilgan muassasalarda joriy o'quv yilida o'rta umumta'lim maktabi yoki kasb-hunar kollejining tegishli sinfini tugallagungacha uch yil muddat o'tgandan keyin ham qolishga ruxsat berishi mumkin.
Ixtisoslashtirilgan maktablarni tamomlagan, ammo axloqan tuzalmagan o'quvchilari shu maktablar joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan ixtisoslashtirilgan maxsus kasb-hunar kollejlariga yuborilishi mumkin.
Voyaga etmaganlarning ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalarida bundan keyin bo'lishlarining maqsadga muvofiq-nomuvofiqligi masalasi vaqti-vaqti bilan, lekin yiliga kamida bir marta shu muassasalar joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyalari tomonidan, mazkur tuman (shahar) komissiyalarining o'z tashabbusi bilan, ana shu muassasalar ma'muriyatlarining taqdimnomasi yoki voyaga etmaganlarning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar iltimosnomasiga binoan ko'rib chiqiladi.
28. Voyaga etmaganning ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasasida bo'lishi pedagoglar kengashining shu muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangan qarori asosida mazkur muassasa joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasining qarori bilan to'xtatiladi, bu haqda voyaga etmagan shu muassasadan chiqqunga qadar kamida bir oy oldin uning yashab turgan joyidagi komissiyaga xabar beriladi, komissiya voyaga etmaganni ishga joylashtirish yoki ta'lim muassasasiga yuborish hamda unga zarur moddiy-maishiy sharoitlar yaratish yuzasidan chora-tadbirlar ko'rishi shart.
29. Agar voyaga etmaganni ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasasidan, etim bolalar va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar uchun mo'ljallangan ta'lim muassasasidan chiqarilganidan keyin, uni ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar qonunda belgilangan tartibda ota-onalik yoki vasiylik huquqlaridan mahrum etilganligi tufayli ular huzuriga yuborish mumkin bo'lmasa, shuningdek uning avvalgi istiqomat joyiga kelishi bir qancha sabablarga ko'ra (ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar yo'qligi, turmushi va mehnat qilishi hamda bundan keyin tarbiyalanishi uchun qulay sharoitlar yo'qligi sababli) mumkin bo'lmasa, ushbu muassasa joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi voyaga etmaganni mazkur shaxsning maishiy yashash sharoitini yaxshilash, uni o'qish yoki ishga joylashtirish chora-tadbirlarini ko'radi. Zarur hollarda tuman (shahar) komissiyasi voyaga etmagan shaxsga vasiy, homiy tayinlash to'g'risidagi taqdimnoma bilan tegishli tuman (shahar) hokimligiga murojaat qilishga haqlidir.
Ushbu masalalarni hal qilishda mazkur bandda ko'rsatilgan muassasalar joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi voyaga etmagan ilgari yashab kelgan joydagi yoki uning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar turgan joydagi komissiyaning tegishli xulosasini olishi lozim.
30. Tarbiya koloniyasidan ozod bo'lgan voyaga etmagan istiqomat qilayotgan joydagi komissiya u o'n sakkiz yoshga etgungacha uni ishga yoki o'qishga joylashtirish choralarini ko'radi va uning axloqini nazorat qilib boradi.
Ozod bo'lgan voyaga etmaganning o'z ota-onasi yoki ular o'rnini bosuvchi shaxslar huzuriga qaytishiga ularning yo'qligi yoxud ota-onalik huquqidan yoki vasiylik huquqidan mahrum etilganligi munosabati bilan imkoni bo'lmasa, ozod bo'lgan voyaga etmaganning ilgari yashab kelgan joyidagi komissiya tarbiya koloniyasi ma'muriyatining taqdimnomasiga binoan uni ixtisosiga muvofiq keladigan ishga yoki o'qishga joylashtirish, shuningdek unga tegishli uy-joy-maishiy sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ko'radi.
Tarbiya koloniyasidan ozod bo'lgan voyaga etmaganni tarbiyaviy mulohazalar sababli ilgarigi istiqomat joyiga yuborish maqsadga muvofiq emas deb topilgan istisno hollarda uni joylashtirish tarbiya koloniyasi ma'muriyatining taqdimnomasiga binoan shu tarbiya koloniyasi joylashgan joydagi komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) komissiyasi ozod bo'lgan voyaga etmaganni u yordam so'rab murojaat qilgan kundan boshlab o'n kun muddatdan kechiktirmay joylashtirish masalasini hal qilishi shart.

10-bob. Hududiy komissiyalar tomonidan ishlarni 
tayyorlash va ko'rib chiqish
31. Hududiy komissiyalar:
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda topshirilgan ishlarni;
O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga muvofiq ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni;
ichki ishlar organlari, ta'lim muassasalari taqdimnomasi bo'yicha berilgan ishlarni;
kasaba uyushmalari, ta'lim muassasalari huzuridagi ota-onalar qo'mitalari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari taqdimnomasi bo'yicha topshirilgan ishlarni;
fuqarolarning arizalari bo'yicha ko'riladigan ishlarni;
o'z tashabbusi bilan ko'riladigan ishlarni ko'rib chiqadilar.
Hududiy komissiyalar ishlarni ular komissiyaga tushgan paytdan boshlab ko'pi bilan o'n besh kun muddatda ko'rib chiqadilar.
32. Voyaga etmagan shaxslarning huquqbuzarliklari to'g'risidagi tuman (shahar) komissiyasi ko'rib chiqishi lozim bo'lgan materiallar komissiyaning raisi yoki uning o'rinbosari tomonidan oldindan o'rganib chiqiladi va u tomonidan:
ishni komissiya majlisida ko'rib chiqish;
ishga oid materiallarni qo'shimcha ravishda tekshirish yoki tushgan arizalar, taqdimnomalar bo'yicha tekshirib chiqish xususida qaror qabul qiladi.
33. Huquqbuzarliklar to'g'risidagi ish komissiyada ko'rib chiqilgunga qadar voyaga etmagan o'z ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar nazoratiga topshirilishi mumkin, etim va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar uchun ta'lim muassasalarida yoki ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchi voyaga etmagan esa, shu muassasalar ma'muriyatining nazoratiga berilishi mumkin.
Ishini hududiy komissiya ko'rib chiqishi kerak bo'lgan voyaga etmagan uning ruhiy jihatdan sog'lom ekanligiga shubha tug'ilgan taqdirda, tibbiyot tekshiruvidan o'tish uchun yuboriladi.
34. Hududiy komissiya ishlarni tayyorlash va ko'rib chiqish paytida voyaga etmaganning yoshini, mashg'ulotini, yashab turgan va tarbiyalanayotgan sharoitini, huquqbuzarlik qilganligi faktini va uning mazmunini tasdiqlovchi ma'lumotlarni, huquqbuzarlik qilishga da'vat etgan katta yoshdagi kishilar va boshqa qatnashchilar bo'lgan-bo'lmaganligini, voyaga etmaganga ilgari ta'sir ko'rsatish chorasi qo'llanilgan-qo'llanilmaganligini aniqlashi zarur.
Hududiy komissiya voyaga etmaganning huquqbuzarliklar sodir etishiga olib kelgan sabab va sharoitlarni tekshirib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko'rishi shart.
35. Hududiy komissiya zarur ma'lumot va hujjatlarni talab qilib olishi, shuningdek hududiy komissiyada ko'rilayotgan masalalar yuzasidan izohlar olish uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarni chaqirishi mumkin.
Mansabdor shaxslar va fuqarolar hududiy komissiya chaqirig'i bo'yicha uzrsiz sabablar bilan kelmagan taqdirda hududiy komissiya ishni ko'rib chiqishni qoldirishi, ularni ishlayotgan yoki o'qiyotgan joyidagi ma'muriyat, nodavlat notijorat tashkilotlari orqali keltirishni ta'minlash choralarini ko'rishi mumkin.
Ishi ko'rilayotgan voyaga etmagan, shuningdek uning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar hududiy komissiya majlisiga uzrsiz sabablar bilan kelishdan bosh tortgan taqdirda ular ichki ishlar organlari orqali hududiy komissiyaning asoslangan qarori bo'yicha olib kelinishi mumkin.
36. Ish ko'rishga tayyor deb topilgach, shu ishni tayyorlash vazifasi topshirilgan hududiy komissiya raisi, rais o'rinbosari yoki a'zosi ish ko'rib chiqilishidan oldin voyaga etmaganni, uning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslarni, zarur hollarda esa ta'lim muassasalarining vakillarini ham barcha materiallar bilan tanishtirib chiqadi, hududiy komissiya majlisiga kimlarni chaqirish kerakligini aniqlab oladi hamda ish ko'riladigan vaqt va joyni belgilaydi.
Hududiy komissiya majlisi bo'ladigan vaqt va joy haqida ishni ko'rib chiqishda qatnashuvchi shaxslarga ma'lum qilinadi.
37. Komissiyaning majlisi komissiya tarkibining yarmidan ko'pi hozir bo'lgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.
Komissiyaning majlisida ishi ko'rilayotgan voyaga etmagan, uning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar, zarur hollarda esa ta'lim muassasalarining vakillari bo'lishi shart.
Hukm etilgan voyaga etmaganlarni jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, ularga tayinlangan jazoni engilroq jazo bilan almashtirish to'g'risidagi jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudiga iltimosnomalarni va mahkumlar xususidagi boshqa iltimosnomalarni qo'zg'atish masalalarini ko'rib chiqishda komissiya majlisida tarbiya koloniyasi ma'muriyatining vakili va mahkumning o'zi hozir bo'lishi shart.
Agar holatlarni tekshirib chiqish va muhokama qilish voyaga etmaganga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lsa, komissiya materiallarni majlisda voyaga etmaganning ishtirokisiz ko'rib chiqishga haqlidir.
38. Komissiyalar voyaga etmaganlarning ma'muriy huquqbuzarliklari to'g'risidagi o'zlariga tegishli ishlarni O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda ko'rib chiqadilar.
39. Hududiy komissiya ish yuzasidan to'plangan materiallarni ko'rib chiqadi, voyaga etmaganning, uning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslarning, jabrlanganning, guvohlarning tushuntirishlarini tinglaydi va ishning barcha holatlarini har tomonlama ko'rib chiqqach, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
ushbu Nizomning 21 va 22-bandlarida nazarda tutilgan ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llash;
ishni tugatish;
ishni ko'rishni qoldirib, qo'shimcha tekshiruv o'tkazish;
ishni tergov yoki surishtiruv organlariga topshirish.
40. Hududiy komissiya majlisida bayonnoma tuziladi, unda majlis bo'lgan sana va joy, ko'rib chiqilayotgan ishning mazmuni, ishni ko'rishda qatnashayotgan shaxslarning majlisga kelgan-kelmaganligi to'g'risidagi ma'lumotlar, ular bergan izohlarining qisqacha mazmuni, ishga oid boshqa ma'lumotlar, shuningdek qabul qilingan qarorni o'qib eshittirish va uning yuzasidan shikoyat berish tartibi va muddatlarini tushuntirish to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatiladi. Bayonnoma raislik qiluvchi va hududiy komissiyaning mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi.
Hududiy komissiya ishi ko'rilayotgan shaxslarning o'qish yoki yashash joyida sayyor majlislar o'tkazishi mumkin.
41. Hududiy komissiya qarorlari oddiy ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Hududiy komissiya qarori yozma shaklda, dalillar bilan asoslangan bo'lishi lozim.
Ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llash to'g'risidagi qarorda:
hududiy komissiyaning nomi; ishni ko'rib chiqish sanasi; ishi ko'rib chiqilayotgan shaxs to'g'risidagi ma'lumotlar; ishni ko'rib chiqish chog'ida aniqlangan holatlar; mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat, ish yuzasidan qabul qilingan qaror ko'rsatiladi.
Qaror raislik qiluvchi va hududiy komissiyaning mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi va qabul qilingandan keyin e’lon qilinadi.
Hududiy komissiya qarorining nusxasi uch kun mobaynida voyaga etmaganga, uning ota-onasiga yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslarga, zarur hollarda esa, voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarga topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi.
Qabul qilingan qaror to'g'risida hududiy komissiya voyaga etmagan huquqbuzarning ishlab, o'qib turgan joyiga yoki yashash joyi bo'yicha fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga, shuningdek uning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar yashab turgan joydagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga xabar beradi.
42. Jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudining voyaga etmaganni ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasasiga yuborish to'g'risidagi qarori bajarilishini ta'minlash uchun voyaga etmagan ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markaziga joylashtirilishi mumkin, u bu erda barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgungacha, Xalq ta'limi vazirligi yoki Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligidan yo'llanma olingungacha, ko'pi bilan o'ttiz kun saqlanadi.
Istisno hollarda voyaga etmaganning ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazida turish muddati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko'pi bilan o'n besh kunga uzaytirilishi mumkin.
Ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazlari voyaga etmagan uchun shaxsiy hujjatlar yig'majildini rasmiylashtirishni tugallaydilar hamda Xalq ta'limi vazirligi yoki Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligidan yo'llanma olinganidan keyin voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha komissiya materiallari bo'yicha jinoiy ishlar bo'yicha tuman (shahar) sudining chiqarilgan ajrimi asosida voyaga etmaganni ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasasiga keltiradilar.
43. Voyaga etmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sharoitlar va sabablarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida hududiy komissiyalar o'z majlislarida ko'rib chiqilgan huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlar hisobini yuritadilar va tuman (shahar), viloyat, Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston Respublikasi doirasida ushbu hisobga olish ma'lumotlarini har chorakda umumlashtirib boradilar.
44. Hududiy komissiya qarori ustidan mazkur qaror kimga nisbatan chiqarilgan bo'lsa, o'sha shaxs, jabrlanuvchi, shuningdek ularning qonuniy vakillari va advokat tomonidan yuqori komissiyaga yoki sudga shikoyat berilishi mumkin. 
Hududiy komissiya qarori yuzasidan shikoyat yuqori komissiyaga u chiqarilgan kundan boshlab o'n kun muddatda berilishi mumkin. Yuqori komissiyaning shikoyat bo'yicha qarori o'n besh kundan kechikmay qabul qilinishi kerak va u uzil-kesil hisoblanadi.
Hududiy komissiya qarori yuzasidan sudga shikoyat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Hududiy komissiyaning ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha chiqargan qarori yuzasidan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
Hududiy komissiyaning qarori va shikoyat bo'yicha chiqarilgan qaror yuzasidan prokuror protest bildirishi mumkin. Prokurorning protest bildirishi shu protest ko'rib chiqilgunga qadar komissiya qarorining va shikoyat yuzasidan chiqarilgan qarorning ijrosini to'xtatib turadi.
45. Respublika komissiyasi tomonidan ishlarning tayyorlanishi va ko'rib chiqilishi ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
 
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2017 yil 14 martdagi PQ-2833-sonli qaroriga 
4-ILOVA 

Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi 
TARKIBI 
1. Yuldashev E.T. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o'rinbosari, Komissiya raisi
2. Nazarmuxamedov D.A. O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o'rinbosari, Komissiya raisining o'rinbosari
3. Alimova G.Z. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo'mitasi raisining o'rinbosari
4. Tursunboev Sh.M. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo'mitasi raisining o'rinbosari
5. Lavozimi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o'rinbosari
6. Turdiev F.K. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo'mitasi raisining o'rinbosari
7. Kenjaev D.M. O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirining o'rinbosari
8. Salimov U.Z. O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o'rinbosari
9. Usmanov A.A. O'zbekiston Respublikasi adliya vazirining o'rinbosari 
10. Nizamov B.M. O'zbekiston Respublikasi mehnat vazirining o'rinbosari
11. Basitxanova E.I. O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vazirining o'rinbosari 
12. Tursunov Yo.E. O'zbekiston Respublikasi moliya vazirining o'rinbosari
13. Marufova G.M. O'zbekiston xotin qizlar qo'mitasi raisining o'rinbosari 
14. Mansurov K.T. O'zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining o'rinbosari
15. Allaev D.X. «Mahalla» fondi raisining birinchi o'rinbosari
16. Lavozimi bo'yicha O'zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining raisi
17. Ubaydullaeva R.A. «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o'rganish Markazi direktori
18. Yusupov O.O. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha Qo'mita raisi 
19. Lavozimi bo'yicha Respublika ma'naviyat targ'ibot markazi rahbari 
20. Yusupova I.T. Oilalar va bolalarni qo'llab-quvvatlash uyushmasi raisi
21. Inamova S.T. «Sog'lom avlod uchun» hukumatga qarashli bo'lmagan xalqaro xayriya Fondi raisi
22. Astonov S.M. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining bo'lim boshlig'i, ishchi organ mas’ul tuzilmasining rahbari.


Izoh: Komissiya a'zolari boshqa ishga o'tgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funktsiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.




Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi idoralararo komissiyasi mas’ul kotibining 
funktsional vazifalari to'g'risidagi 
N I Z O M 

1-bob. Umumiy qoidalar 
1. Ushbu Nizom voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi idoralararo komissiyasi (keyingi o'rinlarda — mintaqaviy komissiyalar) mas’ul kotibining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mintaqaviy komissiyasi o'z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi organ hisoblanib, o'z faoliyatida yuqori turuvchi komissiyaga hisobdordir va o'z faoliyati to'g'risida har chorak yakunlari bo'yicha ularni xabardor qilib turadilar va hisobot berib boradilar.
3. Mintaqaviy komissiyasining shaxsiy tarkibi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Mintaqaviy komissiya raisi (Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi), rais o'rinbosarlari va 10 — 18 nafar a'zosidan iborat tarkibda tuziladi. 
Mintaqaviy komissiya a'zolari soni ish hajmidan kelib chiqib belgilanadi.
Mas’ul kotib joriy ishlarni va hududiy komissiya qarorlarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
4. Mintaqaviy komissiya mas’ul kotibi o'z faoliyatida bevosita Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga bo'ysunadi.
Mintaqaviy komissiya mas’ul kotibi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
5. Mintaqaviy komissiya faoliyati izchil ravishda tashkil etilishini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi  tizimida mahalliy byudjet hisobidan, shuningdek zaruriyat bo'lganda voyaga etmaganlar bilan ishlash bo'yicha inspektori faoliyat ko'rsatadi.
6. Mintaqaviy komissiyasi mas’ul kotibiga ajratilgan xonani 
moddiy-texnik jihatdan ta'minlash bilan bog'liq masalalarni hal etish bo'yicha vazifalar tegishli ravishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yuklanadi.

2-bob. Mintaqaviy komissiyasi mas’ul kotibining asosiy vazifalari va funktsiyalari
7. Quyidagilar mintaqaviy komissiyasi mas’ul kotibining asosiy vazifalari hisoblanadi (komissiya a'zolari bilan birgalikda):
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va tiklash, voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va g'ayriijtimoiy xatti-harakatlarga imkon tug'diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va tashkilotlarning voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko'rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish; 
huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishda, shuningdek huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarning hamkorligini yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ma'lumotni to'plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
tuman (shahar) komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
8. Mintaqaviy komissiyasi mas’ul kotibining o'ziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib (komissiya a'zolari bilan kelishilgan holda):
Qoraqalpog'iston Respublikasi hududidagi voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ushbu hodisalarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, bolalarni joylashtirish va ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
tuman (shahar) komissiyalarining ishini nazorat qiladi va yo'naltiradi, ularning faoliyatini tahlil qiladi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarning ijobiy ish tajribalarini umumlashtiradi va ommalashtiradi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatadi;
voyaga etmaganlar o'rtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha choralarni ko'radi;
tuman (shahar) komissiyalarining qarorlarini tekshiradi, noqonuniy yoki asossiz qarorlarni bekor qiladi.
   
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish

9. Komissiya ishlarini mas’ul kotib O'zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyalari va boshqa qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o'rinbosarlari topshiriqlariga, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qarorlari va topshiriqlariga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlariga muvofiq tashkil etadi.
10. Komissiya nizomi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan tasdiqlanadi.
11. Komissiya mas’ul kotibi o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qarori bilan tasdiqlangan yillik ish rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan Vazirlar Kengashining yillik ish rejasi asosida olib boradi.
12. Komissiya mas’ul kotibi komissiya a'zolari bilan birgalikda har haftada reja asosida yig'ilishlar o'tkazilib, berilgan topshiriqlar, rejalarning bajarilishi nazorat etilib, yangi haftaga mo'ljallangan ishlar va topshiriqlar belgilab olinadi.
13. Komissiya mas’ul kotibi ish yuritish va hujjatlar bilan ishlashni Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining 2017 yil 17 apreldagi 1-sonli bayonnomasidagi 5-ilovasiga asosan tasdiqlangan “Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha idoralararo komissiyalarda ish yuritish va hujjatlar bilan ishlash to'g'risida”gi Yo'riqnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Komissiya mas’ul kotibi:
rahbariyat ko'rsatmasi va topshiriqlariga asosan ishni tashkil etadi:
mas’ul kotib bevosita xududiy komissiya mas’ul kotiblarinig faoliyatini tashkillashtiradi va o'ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsan mas’ul hisoblanadi; 
komissiya ish rejasini shakllantiradi va uning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi; 
o'ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo'yicha Vazirlar Kengashi Raisining ishlarini tashkil qiladi. 
xududiy komissiya tomonidan har chorak yakuni bo'yicha taqdim etiladigan hisobotlarni umumlashtirib respublika idoralararo komissiyasiga taqdim etib boradi;
tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo'yicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarini tayyorlaydi;
materiallar va hujjatlar loyihalari to'g'risida belgilangan tartibda Vazirlar Kengashi Raisiga axborot beradi;
tegishli funktsional masalalar va hujjatlar bo'yicha tizimlashtirilgan ma'lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;
komissiya tomonidan o'tkaziladigan majlislar, har haftadagi apparat yig'ilishlarida ishtirok etadi; 
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni targ'ib qilish maqsadida qabul qilingan qarorlari bajarilishini tashkil etadi;
«Yilning eng yaxshi mas’ul kotibi» tanlovini o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizomda belgilangan tartib va muddatlarda tanlovning Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichini tashkil etadi;  
komissiyaning belgilangan rejasiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha taklif beradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy
va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ko'rib chiqadi;
Vazirlar Kengashi Raisining topshiriqlariga muvofiq boshqa vakolatlarni qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
15. Komissiya a'zolari bilan birgalikda:
O'zbekiston Respublikasining “Voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi Qonunlari ijrosini ichki ishlar, o'zini o'zi boshqarish organlari va ta'lim muassasalarida o'rganib chiqadi;
O'zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to'g'risida”gi Qonuni ijrosini vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarida oilani qo'llab-quvvatlash, voyaga etmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyalash, shu jumladan etim va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni aniqlash, ularning ta'minoti, tarbiyasi va ularga ta'lim berilishi sharoitlari ustidan nazoratning amalga oshirilishini o'rganib chiqadi;
O'zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida”gi Qonuni ijrosini o'quv jarayonining davlat ta'lim standartlari asosida tashkil etilishi, o'quvchilar davomati ta'minlanishi hamda moddiy-texnika bazasidan samarali va oqilona foydalanilishi ahvoliga e’tibor qaratgan holda ta'lim muassasalarida o'rganib chiqadi;
voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini joylarga chiqib o'rganib borish, ularga amaliy yordam ko'rsatish, bu borada komissiya a'zolari mas’uliyatini oshirib boradi;
nosog'lom oilalarda tarbiyalanayotgan voyaga etmaganlar o'rtasida ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirishga doir tadbirlarni tashkil etadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini ta'minlash, huquqbuzarlik sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf qilish, mas’ul organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilish, ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirishda aniq choralarni ko'radi;
voyaga etmaganlarning ta'limdan tashqari bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularni musiqa, san’at va sport bilan muntazam shug'ullanishlari, shuningdek, bolalarda mehnatsevarlik ko'nikmalarini shakllantirishga yo'naltirilgan  amaliy tadbirlarni tashkil etadi;
voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, ular o'rtasida vatanparvarlikni targ'ib qilish, giyohvandlik, axloqsizlik va boshqa zararli illatlardan himoya qilish, yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini mazmun mohiyatini tushuntirish, darslarga qatnashmayotgan o'quvchilarga tushuntirish ishlarini olib borish, sayyor qabullar va uchrashuvlar tashkil etish hamda  jamiyatga salbiy ta'sir etuvchi xatti-harakatlarning oqibatlarini tushuntirib borish borasidagi davra suhbatlari va uchrashuvlarni tashkil etadi;
nikoh yoshi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik, umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limning majburiyligi, ayniqsa qiz bolalarning hayotda munosib kasb egallashi uchun yaratilgan sharoitlar hamda voyaga etmaganlarni maktabdan tashqari ta'limga jalb qilish yuzasidan aholi, ta'lim muassasalari va mehnat jamoalarida targ'ibot tadbirlarini amalga oshiradi;
ta'lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig'inlari va mehnat jamoalarida komissiyalarning sayyor majlislarini o'tkazib boradi;
umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o'quvchilarining majburiy ta'lim olishdan bosh tortib mashg'ulotlarga uzrli sabablarsiz kelmayotgan, muntazam ravishda qatnashmayotgan o'quvchilarni aniqlash va ularni ta'limga jalb qilish maqsadida shahar va tumanlarda keng qamrovli “O'quvchi”, “Davomat” va “Tungi reyd” tadbilarini ishchi guruh tuzilgan holda o'tkazadi;
qonun hujjatlariga muvofiq qo'shimcha boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.