29.03.2024, Friday

O'zbekiston –Xitoy biznes forumi: hamkorlikning yangi bosqichi


Nukusda O'zbekiston – Xitoy biznes-forumi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shahar va tuman hokimlari o'rinbosarlari, mahalliy tadbirkorlar, Xitoyning etakchi kompaniya va korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Erniyazov, mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Saidov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi xodimi Sh.Abdullaev, Xitoyning «Lanko Miya» kompaniyasi vakili Djou Xaygao, «CNBM Group» kompaniyasi loyiha direktori Kao Yubo so'zga chiqib, mamlakatlarimiz o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni mustahkamlash yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli tadbirlarga to'xtalishdi.

Ta'kidlanganidek, Xitoy mamlakatimiz iqtisodiyotiga eng ko'p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Buyuk ipak yo'lining qayta tiklanishi deb baholanayotgan «Bir makon, bir yo'l» loyihasi mamlakatlarimiz o'rtasida har tomonlama hamkorlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina misol sifatida Orolbo'yidagi yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblangan Qo'ng'irot soda zavodi qurilishida Xitoy kompaniyalarining munosib ishtirok etganligini ta'kidlash lozim.

Bugungi kunda Orolbo'yida Xitoy investorlari ishtirokida 39 ta korxona faoliyat olib borayotgan bo'lsa, ularning tashqi savdo aylanmasi 124,3 million AQSh dollarini tashkil etadi. Agarda o'tgan yili ushbu davlat tadbirkorlari ishtirokida 8 ta korxona tashkil etilgan bo'lsa, joriy yilning shu davriga ularning soni deyarli ikki barobarga ortdi. Ular tomonidan kiritilgan investitsiyalarning hajmi 9,1 million AQSh dollarini tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan besh borabarga ko'paydi. Orolbo'yi tadbirkorlarining Xitoy Xalq Respublikasiga to'rt marotaba safari tashkil etilib, uning doirasida ushbu mamlakatning etakchi kompaniyalari va korxonalari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, 12 ta loyiha Xitoy investorlarini to'g'ridan-to'g'ri jalb etgan holda amalga oshirilayotgan bo'lsa, 20 ta qo'shma korxona ro'yxatga olindi. Mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilgan shart-sharoitlarni hisobga olsak, bu ko'rsatkichlar nihoyatda kam. Mazkur forum esa hamkorlikni mustahkamlashda yangi bosqich bo'lib xizmat qiladi. Jumladan, «Nukus-farm» erkin iqtisodiy zonasida, 7 ta kichik sanoat zonasida investorlarga qator imkoniyatlar hamda imtiyozlar yaratilgan. Orolbo'yida qurilish mahsulotlari, tsellyuloza va qog'oz, dorivor o'simliklar, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika,  baliqchilik va chorvachilik, turizm salohiyatini kengaytirish, kichik mehmonxonalar qurish loyihalarini amalga oshirishda katta imkoniyatlar mavjud.

–  Xorijiy investorlarning faol va erkin faoliyat olib borishida ushbu mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik, eng asosiysi, ularga yaratilgan shart-sharoit muhim ahamiyat kasb etadi,-deydi «Lanko Miya» kompaniyasi vakili Djou Xaygao.-Shu nuqtai nazardan, bugungi forumda ishtirok etayotgan hamyurtlarimga katta ishonch bilan ayta olamanki, O'zbekistonda, shu jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasida bunday imkoniyatlar yuqori. Biz 2005 yildan buyon Orolbo'yida faoliyat olib borayapmiz. Mahsulotlarimiz asosan xorijga eksport qilinmoqda. Chimboy tumanidagi «Lanekstrakt», Kegayli tumanidagi «Lankomiya» MChJ qo'shma korxonalarida 500 dan ziyod yangi ish o'rni yaratildi. Kelajakda qishloq xo'jaligi sohasida ham yangi loyihalarni amalga oshirishni  rejalashtirayapmiz. Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, bugungi kunda Xitoy bilan hamkorlik jahon bozoriga yo'l bo'lsa, O'zbekiston xorijiy investorlarning orzuidagi mamlakatga aylanmoqda.

Forumda mehmonlarga Qoraqalpog'iston Respublikasining investitsion salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilgan shart-sharoitlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

– Joriy yilda Xitoyning Xunan provintsiyasida bo'lib, «Xunan medikal triuf» kompaniyasi bilan kelishuvga erishdik,–deydi «Qo'ng'irot agro solod sistem» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zamira Xo'jametova.-Ushbu kelishuvga muvofiq bugungi kungacha 47 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. Mazkur tadbir hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Forum yakunida xorijiy investorlar bilan muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan shahar va tuman hokimlari o'rinbosarlariga, tadbirkorlik sub’ektlari vakillariga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg'alari topshirildi. Shu erning o'zida Taxiatosh hamda Taxtako'pir tumanlari hokimliklari bilan xitoylik hamkorlar o'rtasida memorandumga imzo chekildi.